
ITHome nashri xabariga ko‘ra, Rockstar kompaniyasi o‘zining rasmiy saytida yangi ish o‘rinlari e’lon qildi. Unda aytilishicha, GTA VI o‘yin sanoati tarixidagi eng katta taqdimot bo‘ladi.
Rockstar muhandislar va ma’lumotlar bo‘yicha yetakchi mutaxassislarni yollamoqda. Nomzodlardan 8 yillik professional tajriba, 3 yildan ortiq muhandislik jamoasiga rahbarlik tajribasi, Python hamda ma’lumotlarni qayta ishlash tizimlari bilan ishlash ko‘nikmalari talab etiladi. Shuningdek, bulutli ma’lumotlar platformalarida amaliy tajribaga ega bo‘lishi kerak.
«GTA Online o‘sishda davom etmoqda, GTA 6 esa tez orada ishga tushadi. Biz ma’lumotlar platformasini boshqarish va rivojlantirish uchun yangi mutaxassislarni yollaymiz. Bu esa o‘yin tarixidagi eng yirik taqdimot bo‘ladi va millionlab o‘yinchilarga noyob tajriba taqdim etadi», deyiladi xabarda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan GTA VI narxi haqida yozgan edi.
Alinea Analytics prognozlariga ko‘ra, GTA VI narxi oddiy nashr uchun $70 – 80 dan oshmaydi, deb xabar berdi Wccftech. Take-Two Interactive rahbariyati hozircha narxlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishdan bosh tortdi.
Kompaniya bosh direktori Shtraus Zelnikning aytishicha, narxlar o‘yinni ishlab chiqishning yakuniy qiymatiga bog‘liq bo‘ladi. Rockstar Games studiyasi bu ma’lumotni 2026-yil may oyiga mo‘ljallangan relizga yaqinroq oshkor qiladi.
Tahlilchilar GTA VI’ning odatiy nashri $100 dan kamroq turishiga uchta sabab ko‘rsatdi. Birinchidan, nashriyotlarga daromadning katta qismini GTA Online’dagi mikrotranzaksiyalar keltiradi. Bu o‘yinlarning narxini pasaytirish va franshizaga ko‘proq geymerlarni jalb qilish imkonini beradi.
Ikkinchidan, GTA VI beshinchi qism bilan raqobatlashishi muqarrar. 2013-yilda chiqarilgan GTA V hali ham o‘yinchilar orasida katta mashhurlikka ega.
Uchinchidan, ular iqtisodiy noaniqlik hamda xarid qobiliyatining global pasayishini inobatga oladi. Bunday sharoitda ko‘plab xaridorlar $100 lik o‘yinni juda qimmat deb bilishi mumkin. Asosiy nashr uchun $70 – 80 atrofidagi narx AAA videoo‘yinlar bozori standartlariga mos keladi.
Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, GTA VI chiqarilgandan beri dastlabki ikki oy ichida taxminan $7,6 milliard ishlab topadi va sanoatda mutlaq rekord o‘rnatadi.