
Bugun, 15-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Renessans» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Respublikada ta’lim va yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, so‘nggi yillarda 14 ta Prezident maktabi, 201 ta ixtisoslashtirilgan, 2 ta sport va 9 ta ijod maktabi tashkil etildi. Ularning o‘quv va baholash tizimi 1500 dan ortiq maktablarda joriy qilingan.

Bu ilk bor 1,5 ming nafar o‘quvchi saralanib, ularga Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktirildi. Mazkur oromgoh esa ushbu tizimning muhim bo‘g‘ini bo‘lib, o‘quvchilar yil davomida 3 haftalik intensiv kurslarda bilimlarini mustahkamlaydi. Natijalarga ko‘ra, eng yaxshi 40 nafar yosh «Pechak ligasi» (The Ivy League) universitetlarida tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Oromgoh 500 ga yaqin o‘quvchini qabul qila oladi. Unda o‘quv binolari, yotoqxonalar, kutubxona, STEAM xonalari, tabiiy fan laboratoriyalari, samolyot boshqaruvi simulyatori, sport va san’at maydonchalari mavjud. Yozgi dasturlarda fan olimpiadalari g‘oliblari, xorijiy til sertifikatiga ega yoshlar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari ishtirok etdi.

Prezident yoshlarning loyihalari bilan tanishib, oromgohni ta’lim, ma’naviyat va innovatsiyalar makoniga aylanganini ta’kidladi. Shuningdek, u yerda Al-Xorazmiy universiteti kampusi loyihasi taqdimot qilinib, uni samarali amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
«O‘zbekiston yoshlarining salohiyati va intilishi kuchli. Agar biz sifatli ta’limni ta’minlasak, farzandlarimiz barcha sohada yetakchi bo‘ladi», dedi Mirziyoyev.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bir qator o‘qituvchi va murabbiylar mukofotlangani haqida yozgandi.