Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziriga hukm o‘qildi

eʼlon qilindi
U JKning bir necha moddalariga binoan aybli deb topildi
Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziriga hukm o‘qildi / Foto: Ochin manbalar

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalar (jami 62 kishi)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqib, hukm chiqardi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi ma’lum qildi.

Sud hukmiga ko‘ra, Aziz Voitov Jinoyat kodeksining bir necha moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 3 yil muddatga rahbarlik va moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilish, 400 baravar (hozirgi hisobda 165 mln atrofida) miqdorda jarima hamda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi direktori lavozimida ishlagan X. Karimov esa 3 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilinib, 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi.

Qolgan 60 nafar sudlanuvchidan 9 nafari ozodlikdan mahrum etildi, 51 nafari esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilindi.

Sud hukmiga nisbatan tomonlar belgilangan tartibda Toshkent shahar sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berish huquqiga ega.

Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq Mirobod tumanida o‘smirlar o‘rtasidagi mojaro jinoyat ishi bilan yakunlangan edi.

Shuningdek