Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi faoliyati tartibga solindi

«O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Nizom agentlikning maqomi, vazifa va funksiyalari, vakolatlari, huquq va majburiyatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Agentlik o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, malakalarni baholash sohalarida tashqi sifat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Asosiy vazifalari ta’lim tashkilotlarida sifat nazorati mezonlari va tartiblarini takomillashtirish, samara oshirish bo‘yicha tavsiyalar berish hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, so‘rovnomalar o‘tkazishdan iborat.
Agentlik tarkibiga markaziy apparat va Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident farmoniga muvofiq, mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi tartiblar joriy etilgan edi.