Avto

Tesla arzon Cybertruck ishlab chiqarilishini to‘xtatdi

Bu variant 2025-yil aprelida taqdim etilgan
arzon Cybertruck
Tesla arzon Cybertruck ishlab chiqarilishini to‘xtatdi / Foto: ITHome

Tesla kompaniyasi o‘zining eng arzon Cybertruck modelini — orqa g‘ildirakdan harakatlanuvchi versiyasini ishlab chiqarishni besh oy o‘tib bekor qildi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.

Bu variant 2025-yil aprelida taqdim etilgan va $70 mingdan sotuvga chiqarilgan edi. Endi esa u kompaniyaning onlayn konfiguratoridan butunlay olib tashlandi.

Avvaliga Tesla Cybertruck uchun 1 milliondan ortiq oldindan buyurtma olgan va yiliga 250 ming dona ishlab chiqarishni rejalashtirgan edi. Biroq amalda ishlab chiqarish hajmi 20 mingta mashinadan oshmadi. Xaridorlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida $80 minglik to‘liq g‘ildirakdan harakatlanuvchi versiyadan $10 ming arzonroq orqa g‘ildirakli model chiqarilgan, ammo u «keskin qisqartirilgan» konfiguratsiyaga ega bo‘ldi.

Foto: Tesla

Ushbu versiyada ikkinchi elektromotor, aktiv pnevmatik osma, elektrli orqa eshik va hattoki rozetka ham bo‘lmagan. Natijada xaridorlar deyarli qiziqish bildirmadi.

Orqa g‘ildirakli Cybertruck xaridorga iqtisodiy jihatdan foyda bermadi. Shunday qilib, Tesla’ning eng yangi va eng arzon modeli bozorda o‘zini oqlamadi va qisqa muddat ichida tarixga aylandi.

Foto: Tesla

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla AQSh bozorida so‘nggi 8 yildagi eng past natijani ko‘rsatgani haqida xabar bergan edi.

AQShda elektromobillar bozori yetakchisi bo‘lib kelgan Tesla’ning ulushi ilk bor 2017-yildan buyon 40 foizdan pastga tushdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Iyul oyida kompaniya ulushi 42 foizni tashkil etgan bo‘lsa, avgust yakunida bu ko‘rsatkich 38 foizga qisqardi. Taqqoslash uchun, bir paytlar Tesla bozorda 80 foizdan yuqori natijaga ega edi.