Uzinfocom oktabrdan «Elektron retsept» tizimini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

Joriy yilning oktabr oyidan boshlab O‘zbekistonda «Elektron retsept» tizimini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda yagona integrator Uzinfocomning sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish bo‘yicha direktori Ruslan Sultonov ma’lum qildi.
Integrator, shuningdek, kelasi yil oxirigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan respublika tibbiyot tizimining asosiy yadrosi ustida ham ishlamoqda. Bundan tashqari, Uzinfocom sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish ustida faoliyat olib bormoqda.
«Yadro – bu barcha ma’lumotnomalar, tasniflagichlar (klassifikatorlar), zarur ma’lumotlar bazasi. Ular himoyalangan Ma’lumotlarni qayta ishlash markazida (MQM) saqlanadi», — deydi Sultonov.
Ushbu tizimdan faqat muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan tibbiyot muassasalari foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bu esa davlat va xususiy muassasalar o‘rtasida ma’lumot almashishni yo‘lga qo‘yadi.
Uzinfocom beshta servisni ishga tushirishni rejalashtirgan: ma’lumotlarni boshqarish, xavfsizlik, bemorlarning tibbiy yozuvlari, klinik protokollar va xodimlar bazasi. Yadro tizimida allaqachon onlayn-retsept funksiyasi mavjud, u ishga tushirilishini kutmoqda.
Bundan tashqari, 2026-yil oxirigacha laboratoriya tizimi va tez yordam platformasi ham ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Umumiy hisobda 20 ta servis ishga tushirilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Sultonovning ta’kidlashicha, raqamlashtirish barcha muammolarga 100 foizlik yechim emas. Tizimni yaratishda aniq metodologik asoslar bo‘lishi kerak.
«Axborot tizimini qurmoqchi bo‘lsak, unga aniq algoritm berishimiz kerak. Shundan so‘ng tizim ishlay boshlaydi, ya’ni u biz uchun o‘ylamaydi. Biz eski protokollardan voz kechishimiz kerak», – deya fikr bildirgan ekspert.
Agar raqamlashtirish eski mexanizmlar o‘zgarmagan holda amalga oshirilsa, ko‘plab yechilmagan savollar paydo bo‘ladi va tibbiyotning raqamli tizimga o‘tishi sekinlashadi.
Shuningdek, u shifokorlar orasida kompyuter ko‘nikmalarining pastligi ham muammo ekanligini ta’kidladi. Ayniqsa, yoshi katta mutaxassislarni o‘qitish qiyin bo‘lmoqda. Buni hal etish uchun har bir poliklinikada IT-hamshiralar joriy qilingan bo‘lib, ular tibbiyot xodimlarini o‘qitish va ma’lumotlar bazasini to‘ldirish bilan shug‘ullanadi.
Avvalroq O‘zbekistonda dorilarni elektron retsept orqali yozish tartibi joriy qilingani haqida xabar berilgandi. Yangi tartibga ko‘ra, faqat O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalari elektron retsept orqali yozilishi mumkin. Shifokorlar bemor ma’lumotlarini tibbiy axborot tizimiga kiritadi va ular avtomatik tarzda «Elektron tibbiy karta» moduliga uzatiladi. Bemor uchun dori aynan shu tizim orqali rasmiylashtiriladi.