Gadjetlar

Xiaomi 16 seriyadan voz kechdi: Xiaomi 17 smartfonlari taqdim qilinadi

Kompaniya rahbari Lei Junning ta’kidlashicha, Xiaomi 17 seriyasi avlodlar o‘rtasidagi katta sakrash bo‘ladi
Xiaomi 17
Xiaomi 16 seriyadan voz kechdi: Xiaomi 17 smartfonlari taqdim qilinadi / Foto: ITHome

ITHome nashri xabariga ko‘ra, Xiaomi kompaniyasi yangi Xiaomi 17 seriyali smartfonlarini shu oy taqdim etadi. Bu safar avval mish-mish qilinganidek 16 emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri Mi 17 seriyasi chiqarilishi kutilmagan yangilik bo‘ldi.

Kompaniya asoschisi va rahbari Lei Junning ta’kidlashicha, Xiaomi 17 seriyasi avlodlar o‘rtasidagi katta sakrash bo‘ladi.

«Biz mahsulot kuchi bo‘yicha iPhone’ni to‘liq nishonga olyapmiz va yuzma-yuz raqobat qilamiz», deydi u.

Xiaomi prezidenti va brend rahbari Lu Veybin ham kompaniyaning premium strategiyasi haqida gapirdi.

«Besh yil avval biz eng katta raqibimizdan — iPhone’dan o‘rganib, yuqori segmentda raqobat qilishni boshladik. Bugun ham Apple kuchli, lekin biz ham ishonch bilan ularning yonida, bir avlod, bir darajada raqobat qilyapmiz».

Yangi seriyada uchta model bo‘ladi:

  • Xiaomi 17;
  • Xiaomi 17 Pro;
  • Xiaomi 17 Pro Max.

Nomlanish uslubi Apple’ning iPhone 17 seriyasiga juda o‘xshash.

Xiaomi Mall’da oldindan buyurtmalar boshlangan. Posterda oq rangli quti dizayni va kompaniyaning yangi Surge OS tizimiga oid yozuvlar ko‘rinmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi 15T Pro global taqdimoti sentabrda bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edi.

Xiaomi kompaniyasi yangi Xiaomi 15T va 15T Pro smartfonlarini taqdim etishga hozirlanmoqda. Global taqdimot sanasi 24-sentabrga belgilandi. Bu haqda kompaniya X platformasida ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xiaomi 15T Pro MediaTek Dimensity 9400+ protsessori bilan ishlaydi va periskopik kamera orqali 5 karra optik zum (115 mm ekvivalent) taklif etadi. Oddiy 15T modeli esa Dimensity 8400 chipiga ega bo‘ladi. Har ikkala qurilma standart tarzda 12 GB tezkor xotira va 256 GB doimiy xotira bilan keladi.

Smartfonlar 6,83 dyuymli ekran, Leica bilan hamkorlikda yaratilgan uch kamerali tizim (asosiy 50 MP, ultra keng 13 MP, telefoto 50 MP), 5500 mA/soat sig‘imli akkumulyator va IP69 himoya darajasiga ega bo‘ladi. Zaryadlash tezligi 15T’da 67 Vt, Pro’da esa 90 Vt bo‘ladi.

Narxlari taxminan Xiaomi 15T uchun 649 yevro (taxminan $717), 15T Pro uchun esa 799 yevrodan (taxminan $883) boshlanadi.