Yangiliklar

Rossiyada o‘zbekistonliklarni noqonuniy jalb qilgan tadbirkor qariyb 6 mln rubl jarimaga tortildi

Chkalov tuman sudi uni har bir epizod bo‘yicha aybdor deb topdi
Foto: depositphotos.com

Yekaterinburg shahrida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor noqonuniy ravishda xorijlik ishchilardan foydalangani uchun katta miqdordagi jarimaga tortildi, deb xabar bermoqda Realtagil.ru.

Sverdlovsk viloyat sudining ma’lumotiga ko‘ra, jarimalar umumiy summasi 5 mln 750 ming rublni tashkil etdi.

2024-yil yozida Rujev non mahsulotlari kombinatida o‘tkazilgan tekshiruv davomida Shri-Lanka va O‘zbekistondan bo‘lgan 23 nafar ishchi aniqlangan. Ular mahsulotlarni yuklash, qadoqlash va yig‘ish bilan shug‘ullangan, biroq zarur ruxsatnomalarga ega emasligi ma’lum bo‘ldi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, mazkur ishchilarni aynan tadbirkor Rybachenok Ye.Ye. vositachiligida korxona hududiga jalb qilingani tasdiqlandi.

Chkalov tuman sudi uni har bir epizod bo‘yicha aybdor deb topib, 250 ming rubldan jarima tayinladi. Natijada umumiy hisobda qariyb 6 mln rubl to‘lashga majbur bo‘ldi.

Tadbirkor ayol qarorni yuqori instansiyada bekor qilishga uringan bo‘lsa-da, apellyatsiya shikoyati rad etildi. Bundan tashqari, 2023-yil sentabridan boshlab u migrantlarning noqonuniy kirishi va ishga joylashuvida guruh bo‘lib ishtirok etgani uchun jinoiy javobgarlikka ham tortilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShdan 39 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilingani haqida xabar bergan edi.