
Yil yakunida aholi jon boshiga daromad $3,5 mingga yetishi, yalpi ichki mahsulot hajmi esa $130 milliardga chiqishi kutilmoqda. Bu haqda davlat rahbari pedagoglar bilan muloqotda ma’lum qildi.
Bundan tashqari, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar barcha sohalarga kirib kelayotgani tufayli bu yil eksport hajmi $25 milliardga yetishi ta’kidlandi. O‘tgan sakkiz yil ichida mamlakatga $130 milliard xorijiy sarmoya jalb qilindi. Avvallari investitsiyalar asosan xomashyo sohalariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, bugun ular yangi mahsulot ishlab chiqarish va infratuzilmani yaxshilashga qaratilmoqda.
«Men bu iqtisodiy ko‘rsatkichlarga nima uchun ko‘p to‘xtalyapman? Chunki iqtisodiyot qanchalik mustahkam bo‘lsa, ta’lim rivojlanadi. Ta’lim sifati yuqori bo‘lgan mamlakatda esa iqtisodiyot barqaror o‘sadi. Bu – hayot qonuni!», dedi davlatimiz rahbari.
Avvalroq «O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlangandi. Nizom agentlikning maqomi, vazifa va funksiyalari, vakolatlari, huquq va majburiyatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.