
Counterpoint Research hisobotiga ko‘ra, yilning ikkinchi choragida eng ko‘p sotilgan smartfon yana hamon Apple’ning iPhone 16 modeli bo‘lib qolmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda iPhone 16 Pro Max va iPhone 16 Pro joylashgan.

Ammo qiziqarli o‘zgarishlar top-3dan keyin kuzatildi. Samsung’ning Galaxy A16 5G modeli jahon bozorida eng ko‘p sotilgan Android-smartfon sifatida qayd etildi. Bundan tashqari, arzonroq segmentdagi Galaxy A06 4G ham kuchli beshlikdan joy olib, iPhone 16e va hatto iPhone 15’dan ham ko‘proq sotilgan.

Samsung flagmanlar bozorida ham yutuqqa erishdi. Galaxy S25 Ultra dunyo bo‘yicha eng ko‘p sotilgan Android-flagman bo‘lib, global top-10 reytingidan joy oldi. Bu Samsung’ning premium segmentda Apple’ga qarshi yagona jiddiy raqobatchi ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Shuningdek, Redmi 14C 4G modeli ham kuchli o‘nlikdan joy oldi. U asosan Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Afrika bozorlaridagi yuqori talab tufayli to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri eng yaxshi 5G smartfonlari haqida yozgan edi.