Yo‘nalishi o‘zgargan avtobuslar harakati avvalgi jadvalga qaytarildi

15-sentabrdan boshlab Toshkentdagi uchta avtobus yo‘nalishi o‘zining avvalgi marshrutlari bo‘yicha qatnovni tikladi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ xabar berdi.
Unga ko‘ra, 42 (Chorsu – Kensay posyolkasi), 43 (Yunusobod, 6-kvartal – Ftiziatriya instituti) va 109 (Chorsu metro bekati – Chuqursay temiryo‘l stansiyasi) yo‘nalishlari oldingi yo‘nalishi bo‘yicha harakatni davom ettiradi.
Bu o‘zgarish Qorasaroy ko‘chasida, Zarqaynar va Nurafshon aylanma ko‘chalari oralig‘idagi (Xazrati Imom majmuasi hududi) rekonstruksiya ishlari yakunlangani sababli amalga oshirildi.
Endilikda mazkur avtobuslar ushbu ko‘cha orqali yana odatdagi tartibda harakatlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lutfiy ko‘chasidagi qurilish sababli bir nechta avtobus yo‘nalishlari vaqtincha o‘zgarishi haqida yozgandi.