
15-sentabrdan boshlab Toshkentdagi uchta avtobus yo‘nalishi o‘zining avvalgi marshrutlari bo‘yicha qatnovni tikladi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ xabar berdi.
Unga ko‘ra, 42 (Chorsu – Kensoy posyolkasi), 43 (Yunusobod, 6-kvartal – Ftiziatriya instituti) va 109 (Chorsu metro bekati – Chuqursoy temiryo‘l stansiyasi) yo‘nalishlari oldingi yo‘nalishi bo‘yicha harakatni davom ettiradi.
Bu o‘zgarish Qorasaroy ko‘chasida, Zarqaynar va Nurafshon aylanma ko‘chalari oralig‘idagi (Hazrati Imom majmuasi hududi) rekonstruksiya ishlari yakunlangani sababli amalga oshirildi.
Endilikda mazkur avtobuslar ushbu ko‘cha orqali yana odatdagi tartibda harakatlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lutfiy ko‘chasidagi qurilish sababli bir nechta avtobus yo‘nalishlari vaqtincha o‘zgarishi haqida yozgandi.