Investitsiyalar

Alphabet uch trln dollardan ortiq kapitalga ega bo‘lgan to‘rtinchi kompaniyaga aylandi

U bu marrani zabt etgan to‘rtinchi kompaniya bo‘ldi
Alphabet uch trillion dollarlik kompaniyalar qatoriga qo‘shildi. Foto: ochiq manbalardan

Google xoldingi Alphabet’ning bozor qiymati ilk bor $3 trilliondan oshdi. U Nvidia, Microsoft va Apple’dan keyin bu marrani zabt etgan to‘rtinchi kompaniya bo‘ldi.

Bunga kompaniya aksiyalarining keskin oshishi sabab bo‘ldi. Faqat sentabr oyining o‘zida ularning narxi qariyb besh foizga ko‘tarildi va rekord darajaga yetdi.

Shu bilan birga, AQSh sudi Adliya vazirligining Alphabet’ni Chrome brauzerini sotishga majbur qilish haqidagi talabini rad etdi. Bu qaror investorlar ishonchini kuchaytirib, aksiyalar o‘sishiga turtki berdi.

Alphabet so‘nggi yillarda sun’iy intellekt mahsulotlariga katta e’tibor qaratib, ayniqsa, Gemini loyihasiga tayangan. Mutaxassislar fikricha, aynan shu yo‘nalish kompaniya kelajakdagi o‘sishini belgilab beradi.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, 80 foizdan ortiq ekspertlar Alphabet aksiyalarini sotib olishni tavsiya qilmoqda.

Avvalroq dunyoning eng yirik chip ishlab chiqaruvchisi TSMC ilk bor $1 trillionlik kapitalizatsiyaga erishgani haqida xabar berilgandi.