Apple iOS 26 foydalanuvchilarga taqdim etildi: yangi dizayn va imkoniyatlar

Apple 15-sentabr kuni Apple iOS 26 operatsion tizimini foydalanuvchilarga rasman taqdim etdi. Kompaniya operatsion tizim nomlanishini avtomobil modellari kabi yilga moslashtirish tizimiga o‘tkazdi. Shu bois 2025-yilda chiqarilgan yangilanish 2026-yilni ifodalash uchun «26» deb nomlandi.
Shu bilan birga, eski qurilmalar uchun xavfsizlikni ta’minlash maqsadida iOS 18.7 ham taqdim qilindi.
Liquid Glass dizayni
iOS 26’ning asosiy yangiligi — Liquid Glass («Suyuq shisha») dizayni. Endi ilovalar va vidjetlar yarim shaffof ko‘rinishda bo‘ladi. U atrof-muhitga qarab yorug‘ va qorong‘i rejimga moslashadi. Telefon va Xaritalar kabi dasturlarda tugmalar suzib turgandek ko‘rinadi. Beta jarayonida foydalanuvchi fikrlari asosida shaffoflik darajasi biroz kamaytirildi. Apple bu uslubni barcha platformalarida, jumladan, macOS Tahoe 26da ham joriy qilmoqda.



Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan
Asosiy yangiliklar
- Telefon ilovasi: Kontaktlar, qo‘ng‘iroqlar va ovozli xabarlar bitta oynada. Yangi Hold Assist funksiyasi operator javob berganda xabar qiladi;
- Jonli tarjima: Telefon qo‘ng‘iroqlari, FaceTime va xabarlarda real vaqt rejimida tarjima;
- Guruh chatlarida so‘rovnoma: Do‘stlar bilan rejani tez hal qilish mumkin;
- Spam xabarlarni filtrlash: Noma’lum raqamlardan kelgan xabarlar alohida papkaga tushadi;
- Visual Intelligence: Ekranda ko‘ringan narsani qidirish imkoniyati (masalan, suratdagi poyabzalni internetdan topish);
- Photos ilovasida yorliqlar qaytdi: Kutubxona va kolleksiyalar alohida;
- Kamera: Tugmalar qulay joylashtirilgan, linza iflos bo‘lsa ogohlantiradi;
- FaceTime xavfsizlik: Bolalar uchun himoya funksiyasi — nomaqbul kontent aniqlansa, qo‘ng‘iroq to‘xtatiladi;
- Blokirovka ekrani: 3D fon rasmlar, yangi soat uslublari va ko‘proq vidjetlar.
- Budilnik: Endi «snooze» vaqtini 1 dan 15 daqiqagacha o‘zingiz belgilashingiz mumkin.
- Skrinshot: Suratni belgilab qidirish, Google orqali tekshirish yoki ChatGPT’dan savol berish imkoni qo‘shildi.



Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan
Shuningdek, bu yangilanishda batareya qachon to‘liq zaryadlanib bo‘lishini eslatib turiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple iOS 26 operatsion tizimini 15-sentabrdan foydalanuvchilarga taqdim etishi haqida xabar bergan edi.