
Shu yilning avgust oyida O‘zbekistonda yengil avtomobillar savdosi 90 ming donani tashkil etib, bu iyulga nisbatan 9,5 foiz kamaygan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining (ITIM) tahlillari e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, eng katta pasayish Toshkent, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etilgan, biroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo va Andijonda sotuv keskin oshgan.
Birlamchi bozor ko‘rsatkichlari
Yangi avtomobillar segmentida faollik biroz pasaydi, ya’ni savdolar 2 foizga kamayib, 37,6 ming donani tashkil etdi. Ushbu segmentda mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar hali ham ustuvor bo‘lib, ularning hajmi 32,6 ming donani (o‘tgan oyga nisbatan 0,8 foizga pasaygan) tashkil etgan. Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi esa 4,9 ming donani tashkil etib, iyulga nisbatan 9,4 foiz kamaygan.

Ikkilamchi bozor
Avgustda ikkilamchi yengil avtomobillar savdosi 52,7 ming donaga yetib, oylik 14,3 foiz pasaygan. Shu bilan birga, elektromobil segmentidagi o‘sish davom etmoqda, Ikkilamchi bozor orqali 2,7 mingta elektromobil sotilgan (iyulga nisbatan +0,6 foiz), yillik hisobda esa 4,6 barobar o‘sish qayd etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors avtomobillari: narxlar, modellar va chegirmalar haqida yozgandi.