
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Britaniya sayyohlari uchun eng jozibali yangi yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Bu haqda The Travel magazine ma’lum qildi.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonga tashrif buyurgan britaniyalik turistlar soni o‘tgan yilga nisbatan 23,8 foizga oshgan.
Britaniya fuqarolari odatiy O‘rta yer dengizi yo‘nalishlaridan voz kechib, Buyuk Ipak yo‘li yuragi bo‘lgan O‘zbekistonni tanlamoqda. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlar o‘zining boy tarixi, me’morchilik durdonalari va UNESCO merosi sifatida dunyoga mashhur. Ayniqsa, Registon maydoni, Ichon Qal’a va Buxoroning qadimiy markazi sayyohlarda katta taassurot qoldirmoqda.
Shu bilan birga, mamlakat turizmning yangi yo‘nalishlarini ham faol rivojlantirmoqda. «Yashil turizm», o‘tovlarda tunash, tog‘ sayohatlari, madaniy festivallar va gastronomik marshrutlar Britaniya sayyohlariga o‘ziga xos tajriba taqdim etmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning tarixiy shaharlaridagi betakror muhit va zamonaviy turizm imkoniyatlari Britaniya bozorida talabni yanada oshirmoqda. Shu bois Buyuk Ipak yo‘li bugun ingliz sayyohlari uchun eng qiziqarli manzillardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat ko‘rsatishda hamkorlik qilishi haqida yozgan edik.