
Xitoyning BYD kompaniyasi tomonidan yangi BYD Seal 07 DM-i 2026 gibrid avtomobili taqdim etildi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.
Model to‘rt xil komplektatsiyada 150 – 187 ming yuan ($20,5 – 25,5 ming) narxda sotuvga chiqadi.

Yangi BYD Seal 07 DM-i 2026 ikki xil gibrid kuch qurilmasi bilan taqdim etildi. Birinchi variantda 1,5 litrli atmosferali benzinli motor va 218 ot kuchiga ega elektromotor qo‘shilgan. U 17,6 kVt·soatli batareya bilan ishlaydi, elektrda 135 km yurish imkoniyatini beradi va 40 kVt quvvatda zaryadlanadi.
Ikkinchi variant esa 1,5 litrli turbomotor va 272 ot kuchiga ega elektromotor bilan taqdim etilgan. Unda 29,46 kVt·soatli batareya o‘rnatilgan bo‘lib, 230 km elektr yurish masofasini ta’minlaydi va 69 kVt quvvatda zaryadlanadi.
Avtomobilning o‘lchamlari 4995 × 1900 × 1495 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2900 mmni tashkil etadi. Yangi model avvalgisidan 15 mm uzunroq, boshqa ko‘rsatkichlar esa o‘zgarishsiz qolgan.

Tashqi ko‘rinishda avtomobil oldingi versiyaga o‘xshash, biroq old bamperda kattaroq havo kirish panjari va yangi shakldagi faralar bilan farqlanadi.
Salonida zamonaviy qulayliklarga alohida e’tibor qaratilgan. Mashinada 50 V tezkor simsiz zaryadlovchi, elektr sozlanadigan, isitiladigan va ventilyatsiyali o‘rindiqlar, 12 dinamikli Dynaudio akustik tizimi, proyeksiya displeyi mavjud. Orqa o‘rindiqlar uchun ham isitish va ventilyatsiya imkoniyati qo‘shilgan, shuningdek, kichik xolodilnik ham o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 180 ming dollarlik BYD Yangwang U8L avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.