Yangiliklar

Changan Nevo Q05 elektromobilining yangi interyeri qanday dizaynga ega

Changan Nevo Q05
Changan Nevo Q05 elektromobilining yangi interyeri qanday dizaynga ega / Foto: Changan

Xitoyda Changan Nevo Q05 elektromobilining saloni rasman namoyish etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Model noyabr oyida savdoga chiqadi va BYD Atto 3 (Yuan Plus) bilan raqobatlashadi. Boshlang‘ich narx 110 ming yuan ($15,4 ming) atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Nevo Q05 ichki ko‘rinishi Changan Q07 uslubiga yaqin. Markazda katta sensorli monitor, D shaklidagi rul orqasida ingichka LCD panel joylashgan. Devorlarda deyarli tugmalar yo‘q, asosiy boshqaruv ekranga va ovozli buyruqlarga o‘tgan. Markaziy tunnelda ikki simsiz quvvatlovchi panel, havo ventilyatsiyalari va stakan qo‘yish joylari mavjud.

Foto: Changan

Old yo‘lovchi o‘rindig‘i «nol-gravitatsiya» funksiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, umurtqa pog‘onasiga tushadigan yukni kamaytiradi. Ikkinchi qator o‘rindiqlarda markaziy tirsak tayanchi, ikkita stakan joyi va uchinchi bosh suyanchi bor. Katta panora tom va orqa yo‘lovchilar uchun mustaqil havo ventilyatsiyasi ham mavjud.

Changan Nevo Q05 «Digital Wing 2.0» dizayn uslubida ishlab chiqilgan. Ikki qavatli old faralar, faol havo panjaralari, tomda LiDAR sensori va yashirin eshik tutqichlari uning tashqi ko‘rinishini zamonaviy qiladi. SUV o‘lchamlari 4435/1855/1600 mm, g‘ildirak bazasi esa 2735 mmni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar bilan u BYD Atto 3’dan biroz kichikroq.

Foto: Changan

Q05’ning birinchi avlodi 2023-yilda Xitoyda gibrid (PHEV) ko‘rinishida taqdim etilgan edi. Ammo bu model katta muvaffaqiyat qozonmadi: ikki yil ichida 15 mingdan sal ortiq avtomobil sotildi. Yangi elektr versiya esa past narxi, keng interyeri va BYD Atto 3 ga qarshi kurashish imkoniyatlari bilan Changan uchun yangi imkoniyat bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Changan Deepal S07 Huawei tizimi bilan 17-sentabrda taqdim etilishi haqida yozgan edi.