Chortoq tumanini vodiyning turizm xabiga aylantirish uchun 50 million dollar ajratiladi

eʼlon qilindi
Bundan tashqari, joriy yilda «Furqat» bog‘i rekonstruksiya qilinadi
Chortoq tumanini vodiyning turizm xabiga aylantirish uchun 50 million dollar ajratiladi. Foto: prezident matbuot xizmati

Namangan viloyatining Chortoq tumani butun yil davomida xizmat ko‘rsatadigan vodiyning turizm xabiga aylantiriladi. Loyiha infratuzilmasi uchun $50 million ajratiladi. Bu haqda davlat rahbari viloyatni rivojlantirishga doir yig‘ilishda ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «O‘rta shaharlarni rivojlantirish» loyihasi doirasida joriy yilda «Furqat» bog‘i rekonstruksiya qilinadi. Bu orqali bog‘ hududi qariyb ikki barobar kengaytiriladi. Shuningdek, Chortoqqsoy bo‘ylab 11 kilometr piyodalar va velosiped yo‘laklari quriladi.

Jadallik bilan olib boriladigan kompleks rivojlantirish dasturi asosida Chortoqqsoy va Katta Namangan kanali bo‘ylarining yetti kilometri betonlanib, 30 gektar yer foydalanishga qaytariladi. Bu hududlarda sanatoriy tipidagi servis obyektlari, shuningdek, «Chortoq» suv ombori atrofida turizm kompleksi, mehmonxona, restoran va dam olish maskanlari barpo etiladi.

Shu bilan birga, Pop tumanidagi Aroshan ko‘li atrofida esa 1,2 ming gektar maydonda yiliga bir million sayyohni qabul qila oladigan yirik turizm majmuasi qurilishi rejalashtirilmoqda.

Turizm sohasidagi yirik loyihalar uchun kadrlar tayyorlash maqsadida keyingi o‘quv yilidan Namangan davlat universitetida Avstriyaning Krems universiteti bilan qo‘shma fakultet faoliyatini boshlaydi.

Avvalroq Namangandagi beshta tumanda tunu kun ishlaydigan servis ko‘chalar barpo etilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Kosonsoy, Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Uychi va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida sakkizta shunday ko‘cha barpo etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek