Elit OChL. «Nasaf» safarda kambek qurboni boʻldi va turnirni alamli magʻlubiyat bilan boshladi

Elit Osiyo Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 1-turidan oʻrin olgan bahsda Qarshining «Nasaf» klubi safarda turnirning amaldagi chempioni «Al Ahli» mehmoni boʻldi va yakunda 4:2 hisobida imkoniyatni boy berib qoʻydi.
Uchrashuvda hisob 34-daqiqada Husayn Norchayev tomonidan ochildi. «Ajdarlar» hujumchisi Merih Demiralning xatosidan soʻng birga-bir vaziyatda Eduard Mendini dog’da qoldirdi.
Ikkinchi gol ham uzoq kuttirmadi. 41-daqiqada Oybek Bozorovning qulay uzatmasidan soʻng Norchayev yana darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketdi va dublni rasmiylashtirdi.
Ikkinchi boʻlim nisbatan «Al Ahli»ning ustunligi bilan boshlandi va bu taym o’rtalariga kelib o’z samarasini berdi. Jiddaliklar yarimhimoyachisi Enso Millot 65 va 68-daqiqalarda gol urib hisobni tenglashtirdi.
Mezbonlarning har ikki goli ham qarshiliklarning xatosidan soʻng kiritildi. Birinchi golda darvozabon Abduvohid Ne’matov to’pga chiqishda xatoga yoʻl qoʻygan boʻlsa, ikkinchisida himoya chizigʻi parokandalikka yuz tutdi.
Ikkinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda esa Riyod Mahrez va Muhammad Sulaymon bittadan gol urib, «Al Ahli»ning muhim gʻalabasini taʼminladi.
Shu tariqa, «Al Ahli» musobaqani irodali gʻalaba bilan boshladi va oʻz hisobiga 3 ochko yozdirib qoʻydi.
Maʼlumot uchun, «Nasaf» oʻzining navbatdagi oʻyinini Oʻzbekiston Superligasi doirasida 21-sentabr kuni «Qizilqum»ga qarshi o’tkazadi. «Al Ahli» esa 19-sentabr kuni Saudiya Pro ligasi doirasida «Al Hilol»ni qabul qiladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Olmaotada boʻlib oʻtadigan «Qayrat» va «Real Madrid» oʻrtasidagi uchrashuv uchun chiptalar narxlari qanchani tashkil etishi haqida xabar berilgandi.