Yangiliklar

Kelgusi yilda Namangandagi ikkita yirik ko‘prik ishga tushadi

Joriy yil oxiriga qadar esa 694 km yo‘l va yettita kichik ko‘prik ta’mirlanadi
Kelgusi yilda Namangandagi ikkita yirik ko‘prik ishga tushadi. Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident mutasaddilarga Namangandagi ikki yirik ko‘prikni kelgusi yilda ishga tushirishni, joriy yil oxiriga qadar esa 694 km yo‘l va yettita kichik ko‘prikni ta’mirlash vazifasini topshirdi.

Xususan, viloyatdagi Uychidan o‘tib Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlariga boruvchi asosiy yo‘ldagi tirbandlikni bartaraf etish uchun 63 milliard so‘m hisobiga Norin daryosi ustidan 480 metrli yangi ko‘prik qurilmoqda. Bu yo‘l orqali Uchqo‘rg‘on va Norin markaziga masofa 20 – 25 km ga, Norindan Baliqchiga esa 35 – 40 km ga qisqaradi.

Shuningdek, 63 yil oldin qurilgan va Namangan hamda Andijon viloyatlarini bog‘lovchi 180 metrli Qoradaryo ko‘prigi rekonstruksiya qilinmoqda. Bu ish yakunlangach, transport qatnovi ikki barobar oshadi, yo‘lga ketadigan vaqt 1,5 marta qisqaradi.

Prezident mutasaddilarga ushbu ko‘priklardagi ishlarni kelgusi yilda yakunlashni topshirdi. Shu bilan birga, «Pungon – Namangan» yo‘lining 75 km qismi $246 million hisobiga to‘rt tasmalik beton qoplamali qilib rekonstruksiya qilinadi. Bu yo‘lda 34 ta ko‘prik va 22 ta piyodalar o‘tish joyi quriladi.

Joriy yilda viloyatdagi suv tizimini yaxshilashga 800 milliard so‘m ajratildi. Yil yakuniga qadar 130 km suv va kanalizatsiya tarmoqlari, 11 ta suv inshooti qurilib foydalanishga topshiriladi.

Namangan shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlab kelayotgan 70 yil oldin qurilgan «Kurashxona» inshooti bugungi kunda quvvatining yarmidan kamida ishlamoqda. Shu sababdan uni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda rekonstruksiya qilish belgilandi.

Avvalroq viloyatdagi Chortoq tumanini vodiyning turizm xabiga aylantirish uchun $50 million ajratilishi haqida xabar berilgan edi.