Yangiliklar

Namangandagi beshta tumanda tunu kun ishlaydigan servis ko‘chalar barpo etiladi

Sakkizta ko‘cha
Namangandagi beshta tumanda tunu kun ishlaydigan servis ko‘chalar barpo etiladi. Foto: ochiq manbalar

Bugun 16-sentabrda prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan – Chortoq yo‘lidagi 13 kilometr uzunlikdagi tunu kun ishlaydigan servis ko‘chasi bilan tanishdi. Yaqin kelajakda Kosonsoy, Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Uychi va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida yana sakkizta shunday ko‘cha barpo etilishi rejalashtirilgan. Bu haqda davlat rahbari viloyatni rivojlantirishga doir yig‘ilishda ma’lum qildi.

Yig‘ilishda viloyatning Kosonsoy markazi, Norin daryosi bo‘ylari, Chustning G‘ova, Yangiqo‘rg‘onning Nanay, Popning Chodak qishloqlarida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari katta ekani ta’kidlandi. Shu bois viloyat Islohotlar shtabiga har bir tumanda kamida ikkitadan shunday hududni tanlab, master-reja ishlab chiqish va loyihalar hisobiga kelgusi yilda 50 ming kishini ishli hamda daromadli qilish topshirildi.

Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on va Chustdan o‘tgan daryo va soylar bo‘yida 40 kilometr hududda 650 ta servis obyektini qurib, 10 ming odamni ish bilan ta’minlash mumkinligi qayd etildi. Mutasaddilarga bu yerlarda muhofaza zonasi va konturlarini belgilab, auksion orqali tadbirkorlarga taqdim etish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, Pop tumanida to‘rt ming gektar, Kosonsoy, Chust va Mingbuloqda bir ming gektardan yer qayta foydalanishga topshirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, viloyatda to‘qimachilik yo‘nalishida investitsiyalarni jalb qilish va hamkorlikni kengaytirish uchun bir oy ichida viloyatda alohida loyiha ofisi ochiladi. Xalqaro sertifikatga ega tekstil korxonalari soni 50 taga yetkaziladi.

Yil yakuniga qadar Varshava va Londonda kamida bir ming kvadrat metrlik savdo uylarini tashkil etish topshirildi. Bu orqali joriy yil to‘qimachilik eksportini $500 millionga yetkazish, ikki yilda esa $1 milliardlik 25 ta yirik loyiha ishga tushirish rejalashtirilgan.

Avvalroq viloyatning Norin daryosida qurilgan gidroelektr stansiyalar kaskadining birinchi bosqichi ishga tushirilgandi