Namanganning Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi

Namangan viloyatining Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, davlat rahbari Namangan viloyati Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga tashrif buyurdi. Hudud aholisining fikrlarini eshitib, mahallani tubdan o‘zgartirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Endi Sho‘rariq mahallasi namunaviy hududga aylantiriladi. Bu yerda zamonaviy mahalla guzari, sayilgoh, sport va bolalar maydonchalari quriladi. Kutubxona, bank shoxobchasi, kasb va til o‘rgatish markazlari tashkil etiladi. Shuningdek, maktab va bog‘chalar kapital ta’mirlanadi, ko‘chalar asfaltlanib, daraxt va gul ko‘chatlari ekiladi.




Bo‘sh turgan binolar tadbirkorlar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida foydalanishga beriladi. Bu mahalla nafaqat o‘z aholisiga, balki atrofdagi beshta mahallaga ham markaz bo‘lib xizmat qiladi.
Tashrif davomida butun mamlakatda shunday «og‘ir» mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha qaror ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi. Unga ko‘ra, tuman va mahallalarga yangicha qiyofa olib kirish uchun budjetdan jami besh trillion so‘m yo‘naltiriladi. Namangan viloyatidagi Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan, qolgan tumanlarning ikkitadan mahallasiga besh milliard so‘mdan ajratiladi.
Avvalroq davlat rahbari mutasaddilarga gulmohi yetishtirish mumkin bo‘lgan tumanlarni aniqlab, bu tajribani butun respublika bo‘ylab ommalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.