Yangiliklar

Norin daryosida «birinchi milliy GES» ishga tushirildi

GES-1 to‘liq mahalliy uskunalar asosida barpo etilgan
Norin daryosida «birinchi milliy GES» ishga tushirildi. Foto: prezident matbuot xizmati

Namangan viloyati Norin daryosida qurilgan gidroelektr stansiyalar kaskadining birinchi bosqichi ishga tushirildi. Davlat rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu energetika inshootini borib ko‘rdi.

GES-1 to‘liq mahalliy uskunalar asosida barpo etilgani bois, u «birinchi milliy GES» hisoblanadi. Stansiya yiliga 171 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va 430 mingta xonadonni elektr bilan ta’minlash imkonini beradi. Natijada yiliga 290 million kub metr gaz tejalib, iqtisodiyot uchun 300 milliard so‘mlik foyda keltiradi.

Hozirda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Norin daryosida oltita GES kaskadi qurilishi boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati $428 milliondan ziyod, umumiy quvvati 228 megavatt bo‘ladi.

GES hududida suv to‘sish inshooti, ma’muriy binolar va dispetcherlik markazi qurildi. Olti ming tup manzarali daraxt ekildi. Kelgusida yana yetti ming tup mevali daraxt o‘tqazilishi rejalashtirilgan. Keyingi bosqichlarda 2026-yilda ikkinchi va uchinchi, 2027-yilda qolgan stansiyalar ham ishga tushirilishi kutilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatining Zangiota tumanida Damariq kanali hududida yangi kichik gidroelektr stansiyasining 320 kVt quvvatga ega birinchi bosqichi ishga tushirilgandi.