O‘zbekiston konsulxonasi Vladivostokda vatandoshlar kaltaklanganiga munosabat bildirdi

O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulligi ushbu shaharda o‘zbekistonliklar kaltaklangani bo‘yicha Rossiya Tashqi ishlar vazirligining hududiy vakolatxonasiga norozilik notasi yo‘lladi. Bu haqda diplomatik vakolatxona rahbari Yusup Kabuljanov ma’lum qildi.
Avvalroq internet tarmog‘ida noma’lum shaxslar tomonidan o‘zbekistonliklar kaltaklanayotgani tasvirlagan videolar tarqaldi. Lavhalardan birida hujumchilar milliy kelib chiqishi bois o‘zbekistonliklarga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgani qayd etilgan.
Jabrlanganlar O‘zbekiston Bosh konsulligiga murojaat qilgan va ularga huquqiy yordam ko‘rsatilganini Kabuljanov ta’kidladi.
«Mazkur voqealar O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi va Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan alohida nazoratga olingan», deyiladi konsul xabarida.
Jabrlanganlar Vladivostok huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ham ariza topshirgan. Shuningdek, diplomatik vakolatxona Primorsk o‘lkasi prokuraturasiga ham nota yo‘llagan.
Avvalroq O‘zbekiston Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga rossiyalik fuqaroning o‘zbekistonlik taksichiga haqorat qilgani aks etgan video sababli nota yuborgandi.