O‘zbekistonda baliq yetishtirish sirlari: tajribalar, qo‘llanmalar

Bugungi kunda baliqchilik rivojlanayotgan sohalardan biridir. Statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida 53 ming tonna baliq ovlangan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,4 foizga ko‘p. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida O‘zbekistonda baliq yetishtirish yo‘llari haqida batafsil so‘z boradi.
Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
Baliq yetishtirish usullari va texnologik jarayonlar
Baliqchilik sirlarining asosi – to‘g‘ri usul va zamonaviy texnologiyalardan foydalanishdir. An’anaviy (ekstensiv) usulda baliqlar katta hovuzlarda tabiiy ozuqa bilan sekin o‘sadi. Hosildorlik past bo‘lib, natijaga erishish ko‘proq vaqt talab etadi.

Intensiv usulda esa baliqlar maxsus ozuqa bilan boqiladi, suv sifati nazorat qilinadi va kislorod bilan to‘yintirish yo‘lga qo‘yiladi. Bu ko‘proq xarajat va mehnat talab qiladi, biroq bir xil maydonda bir necha baravar ko‘p hosil olish imkonini beradi.
Zamonaviy aylanma akvakultura tizimlari (RAS) baliqni yopiq basseynlarda yil bo‘yi yetishtirish imkonini beradi. Suv filtrlab qayta ishlatiladi, an’anaviy hovuzlarga nisbatan yuz baravar kam suv sarflanadi. RAS tizimida baliq zichligi yuqori bo‘lgani uchun hosildorlik ham keskin oshadi. Biroq bunday tizim elektr energiyasiga qaram, shuning uchun zaxira generatorlari zarur.
O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan asosiy usullar

Polikultura – hovuzlarga turli baliqlarni qo‘yib boqish. Masalan, sazan, oq amur va kum bosh bir hovuzda yashab, ozuqa zanjirini to‘ldiradi. Bu usul hosildorlikni oshiradi va resurslardan to‘liq foydalanishni ta’minlaydi.
Intensiv oziqlantirish – kombinatsiyalangan yemlardan foydalanish baliqlarning tez vazn olishini ta’minlaydi. Bir yilda karp 1,5–2 kg gacha o‘sishi mumkin. Suv sifati, kislorod miqdori va tozaligini nazorat qilish ham hal qiluvchi omildir. Shu maqsadda aeratorlar, biofiltrlar va suv aylantiruvchi moslamalar o‘rnatilmoqda.
Kerakli mikroiqlim yaratish – har bir baliq turi uchun mos sharoit zarur. Masalan, forel va osyotr 10–18°C salqin suvni talab qiladi. Sazan va tilapiya esa 20–28°C iliq suvda tez o‘sadi. Qish davrida hovuzlarni yopish yoki quyosh kollektorlaridan foydalanib suvni isitish natija beradi.
Kasalliklarning oldini olish – suvda parazit va bakteriyalar tez tarqalishi mumkin. Shuning uchun dezinfeksiya ishlari, karantin va veterinariya nazorati talab etiladi. Zamonaviy xo‘jaliklarda foydali biopreparatlar qo‘llanib, zararli bakteriyalar kamaytiriladi.
Ba’zi tadbirkorlar baliqchilikni issiqxona bilan birlashtirib, akvaponika yo‘nalishini rivojlantirmoqda. Bunda baliq suvdagi ozuqani o‘simliklarga beradi, o‘simlik esa suvni tabiiy tozalaydi. Shu tarzda ko‘kat va sabzavot yetishtirish ham mumkin bo‘ladi.
Baliqchilik uchun zarur sharoitlar va suv havzalaridan foydalanish
Geografik va iqlimiy omillar
O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmasa-da, tabiiy va sun’iy suv havzalariga boy mamlakatdir. Bu yerda 70 ga yaqin baliq turi uchraydi, jumladan daryo va ko‘llarning mahalliy turlari ham mavjud.
Biroq Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishiga sezgir hududdir. So‘nggi yillarda qurg‘oqchilik va suv tanqisligi baliqchilikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Issiq ob-havo va yog‘ingarchilikning kamayishi ba’zi ko‘l va daryolarning sayozlanishiga olib keldi. Natijada, baliqlarning tabiiy yashash joylari qisqarmoqda. Aral dengizi fojeasi bunga yaqqol misol: dengiz qurishi bilan 34 tur baliq butunlay yo‘qoldi. Bugungi kunda Amudaryo va Sirdaryoda ham suv kamayishi tufayli ayrim baliq populyatsiyalari qisqarmoqda.
Suv sifati va ekologik muammolar
Samarqand viloyati Toyloq tumanida baliq boqish bilab shug‘illanadigan Qosim Quvondiqov ushbu sanoatda suv muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
«Baliqchilik uchun sifatli suv manbai zarur. Odatda daryo va kanallardan olinadigan suvning tozaligi katta ahamiyatga ega. Qish mavsumida suv kam bo‘ladi, shuning uchun baliqlarga bu paytda jiddiy qarash kerak» — deydi u.
Afsuski, ayrim hududlarda sanoat chiqindilari suvga qo‘shilib, baliqlarning kasallanishi yoki ommaviy qirilishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday hollarda tadbirkorlar katta zarar ko‘rmoqda. Davlat jarimalar belgilagan bo‘lsa-da, ekologlar nazoratni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlashmoqda. Demak, barqaror baliqchilik uchun toza suv havzalarini saqlash va ifloslantirishga qarshi qat’iy choralar zarur.
Suv havzalaridan foydalanish tartibi
O‘zbekistonda Chorvoq, Andijon, Tuyamo‘yin kabi yirik suv omborlari hamda ko‘llar baliqchilik uchun katta imkoniyat yaratadi. Hukumat ularni samarali ishlatish maqsadida tadbirkorlarga ijaraga berish tizimini joriy qilgan. Endilikda suv havzalari faqat elektron auksion orqali ajratiladi. Bu usul shaffoflikni oshirib, hamma uchun teng imkoniyat yaratadi.

Yetishtirilayotgan baliq turlari
O‘zbekistonda eng ko‘p tarqalgan baliqlar – karp, oq amur va kumkarp. Ular iliq suvda tez o‘sib, bozorbop mahsulot beradi. Shuningdek, sudak va leshch kabi yirtqich baliqlar suv havzalarida parvarish qilinib, mayda baliqlar populyatsiyasini muvozanatlashtiradi.
Qimmatbaho turlar – forel va losos tog‘ zonalarida yoki maxsus tizimlarda yetishtirilmoqda. Ularning go‘shti sifatli va narxi yuqori. Osyotr ham ayrim xo‘jaliklarda boqilib, qora ikra olish uchun parvarish qilinmoqda. Yaqinda Afrika somi kabi nafas oluvchi baliqlarni issiqxonalarda yil bo‘yi boqish tajribalari ham paydo bo‘ldi.
Har bir baliq turi uchun mos sharoit yaratish juda muhim. Masalan, karp loyqa tubli hovuzlarni yoqtirsa, forel faqat toza va salqin buloq suvlarida yaxshi o‘sadi. Osyotr esa chuqur havzalarda parvarish qilinadi. Shu bois tadbirkorlar o‘z hududidagi iqlim va suv sharoitiga qarab to‘g‘ri baliq turini tanlashlari zarur.
Tadbirkor tajribasi: baliq yetti xazinaning biri

Navoiy viloyati Navbahor tumanida joylashgan «Dream Hook» MChJ rahbari Shuhrat Davronovning Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qilishicha, baliq biznesi orqali yaxshi daromad olsa bo‘ladi.
«Baliq tannarxi va daromadning belgilanishi mahsulotning yog‘li yoki yog‘siz ekani bilan bog‘liq bo‘ladi. Sifatli 1,5-1,5 kg keladigan baliqning narxi 50 ming so‘mgacha, aksincha yo’g‘ miqdori haddan tashqari ko‘p shu o‘lchamdagi baliqning narxi esa 30 ming so‘mgacha bo‘ladi» — deydi tadbirkor.

«Baliq sanoatida to‘g‘ri foydalana olinsa juda yaxshi daromad keltirishi mumkin. Intensiv 1 gektalik havzaga yangi texnologiyalardan foydalanib 10 ming dona o‘smir baliq boqiladi. Yetishtirish muddati 90-120 kunni tashkil etadi. Sifatli ozuqa va to‘gri parvarish qilinsa, to‘rtinchi oyning oxiriga kelib 1,8 kilodan 2,5 kilogacha tayyor baliq mahsuloti tayyor bo‘ladi. O‘rtacha hisobda 1 gektarlik havzadan to‘rt oyda 20 tonna baliq yetishtirsa bo‘ladi. Bu eng kami 380-400 mln so‘m daromad degani. Doimiy parvarish va maksimal sifatli ozuqalardan so‘ng 150 mln so‘m sof foyda qoladi. keyingi 4 oyda ham baliq boqib qo‘shimcha daromadga erishish mumkin», — deydi Shuhrat aka.
Odatda qishda baliq boqish zararli bo‘lishi mumkin. Haddan tashqari sovuq iqlim va suv tanqisligi baliq sanoatida ma’qullanmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda banan yetishtirish yo‘llari haqida yozgan edi.