Yangiliklar

O‘zbekistonda bolalarni jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytiriladi

Bolalar tasvirlangan pornografik materiallarni saqlash uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanadi
O‘zbekistonda bolalarni jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytiriladi / : FTW

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini kuchaytirish va bolalar pornografiyasini saqlaganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda palata matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik kodeksiga bolalarni jinsiy zo‘ravonlikdan himoyalash hamda bolalar ishtirokidagi pornografik mahsulotlarni saqlaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutildi.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmagan guvohlarni so‘roq qilish muddatlarini aniq belgilash bo‘yicha ham tuzatishlar kiritilmoqda.

Muhokamalar chog‘ida qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari, huquqshunoslar, olimlar va ishchi guruh a’zolari ishtirokida muhokama qilinib, seminar va yig‘ilishlar tashkil etilgani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasida nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilingan edi.