O‘zbekistonda gulmohi balig‘ini yetishtirish ommalashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati Norin tumanidagi «Fishvel Norin» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Korxonada $3 million hisobiga 76 ta innovatsion baliq havzasi barpo etilgan, hozircha 40 tasi ishga tushirilgan. Super intensiv usulda gulmohi baliqlari yetishtirilmoqda. Loyiha to‘liq quvvat bilan ishlaganda yiliga 2 ming tonna mahsulot yetishtirilib, $5 millionlik eksport amalga oshiriladi.
Korxona mahalliy aholini ham baliqchilikka jalb qilmoqda. Xo‘jaqo‘rg‘oncha mahallasidagi 25 ta xonadon klaster bilan hamkorlikda ishlayapti va har bir oilaga yiliga 150 million so‘mgacha daromad keltirmoqda. Kelgusida Norin va Uchqo‘rg‘on tumanlaridagi 100 ta xonadon bu tizimga qo‘shilib, 300 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.



Davlat rahbari mutasaddilarga gulmohi yetishtirish mumkin bo‘lgan tumanlarni aniqlash va bu tajribani butun respublika bo‘ylab ommalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, Niderlandiya bilan hamkorlikda baliq ozuqasi ishlab chiqarish, Norindagi tik quduqlar yonida sun’iy hovuzlar qurib aholiga bo‘lib berish vazifalari belgilandi.
Avvalroq prezident ikki yil ichida viloyatdagi barcha nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq bergandi. Keyinchalik bu tajriba mamlakatning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.