
Rossiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Aleksey Erxov Toshkentga keldi. Bu haqda Rossiya diplomatik vakolatxonasi matbuot xizmatiga tayangan holda TASS xabar berdi.
Uning tayinlanishi haqidagi farmonni joriy yil sentabr oyi boshida Rossiya prezidenti Vladimir Putin imzolagan. Bungacha Erxov 2017-yil iyundan 2023-yil sentabriga qadar Turkiyada Rossiya elchisi lavozimida ishlagan.
Avvalroq Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi vazifasini Oleg Malginov bajarib kelgan. Undan oldin esa 2009-yildan 2021-yil martigacha bu lavozimni Vladimir Tyurdenev egallagan.
Aleksey Erxov 1960-yil 28-oktabrda Moskvada tug‘ilgan. O‘z faoliyati davomida u Rossiyaning Marokash, Misr va Isroildagi elchisi sifatida ham ishlagan.
Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida xorijiy pasportsiz o‘zaro safar qilish masalasi muhokama qilinayotgani xabar qilingandi. O‘zbekiston TIV xabariga ko‘ra, hozirda ayrim jihatlar kelishilmoqda va zarur ichki tartib-taomillar o‘tkazilmoqda. Shu bois aniq muddat haqida gapirishga hali erta.
Ma’lumki, may oyida O‘zbekiston Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon fuqarolariga ichki pasport bilan kirishga ruxsat berish niyatini bildirgan edi. Bu tashabbus turizmni rivojlantirish va odamlar o‘rtasidagi aloqalarni yengillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.