Yangiliklar

Toshkent – Iftixor yo‘nalishida yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Mazkur yo‘nalish bo‘ylab sakkizta zamonaviy avtobus qatnaydi
Avtobus
Toshkent – Iftixor yo‘nalishida yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Foto: Transport vazirligi

2025-yil 16-sentabrdan Toshkent viloyati Iftixor mahallasidan Chorsu metrosigacha 177-sonli avtobus yo‘nalishi ishga tushdi. Bu haqda Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda qatnov Toshkent viloyatining barcha hududlarini poytaxt bilan bog‘lash ishlari doirasida amalga oshirilmoqda.

Xarita: Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi

Mazkur yo‘nalish bo‘ylab sakkizta zamonaviy King Long avtobusi qatnaydi. Avtobuslar har kuni soat 05:30 dan 23:17 gacha aholiga xizmat ko‘rsatadi.

Avvalroq Toshkentdagi uchta avtobus yo‘nalishi o‘zining avvalgi marshrutlari bo‘yicha qatnovni tiklagandi. Unga ko‘ra, 42 (Chorsu – Kensoy posyolkasi), 43 (Yunusobod, 6-kvartal – Ftiziatriya instituti) va 109 (Chorsu metro bekati – Chuqursoy temiryo‘l stansiyasi) yo‘nalishlari oldingi yo‘nalishi bo‘yicha harakatni davom ettiradi.

Bu o‘zgarish Qorasaroy ko‘chasida, Zarqaynar va Nurafshon aylanma ko‘chalari oralig‘idagi (Hazrati Imom majmuasi hududi) rekonstruksiya ishlari yakunlangani sababli amalga oshirildi. Endilikda mazkur avtobuslar ushbu ko‘cha orqali yana odatdagi tartibda harakatlanadi.