Toshkent issiqlik elektr markazida mazutdan foydalanish to‘xtatildi

eʼlon qilindi
Elektr va issiqlik energiyasi faqat tabiiy gaz asosida ishlab chiqarmoqda
Foto: «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ

Toshkent issiqlik elektr markazi endilikda elektr va issiqlik energiyasini faqat tabiiy gaz asosida ishlaydigan zamonaviy qurilmalar orqali ishlab chiqarmoqda. Bu haqda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ xabar berdi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan 2024-yilda markazda umumiy quvvati 64 MVt bo‘lgan yangi gaz-turbinalari ishga tushirilgan edi.

Bugungi kunda ushbu uskunalar yordamida yiliga 515 million kVt⋅soat elektr va 630 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, poytaxt aholisi va iqtisodiyoti ehtiyojlarini ta’minlashga yo‘naltirilmoqda.

Markaz faoliyati ekologik xavfsizlik talablariga to‘liq moslashtirilgan. Uchta gaz-turbinali qurilmaga o‘rnatilgan ekopostlar orqali atmosferaga chiqarilayotgan gazlar doimiy nazorat qilinmoqda.

«Markazimiz elektr hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda to‘liq tabiiy gazga moslashtirilgan. Mazut yoki boshqa turdagi yoqilg‘ilardan foydalanilmaydi», — dedi Toshkent IEM direktori Rasul Shamsiyev.

Shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va Turkiyaning Iltekno kompaniyasi bilan Chilonzor, Olmazor va Sergeli tumanlarida zamonaviy kogeneratsiya markazlari qurilib, ularda ham past bosimli gazdan samarali foydalanilmoqda. Yaqin yillarda shunday qurilmalar Mirzo Ulug‘bek, Yunsobod, Shayxontohur, Uchtepa, Mirobod, Yashnobod va Yangihayot tumanlarida ham joriy qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda issiqlik tarmoqlari bosqichma-bosqich sinovdan o‘tkazilishi haqida yozgandi.

Shuningdek