Yangiliklar

Tramp The New York Times gazetasini sudga berdi

Da’vo Florida shtatidagi federal sudga 16-sentabr kuni topshirilgan
Donald tramp
Tramp The New York Times’ni sudga berdi / Foto: The New yorker

AQSh prezidenti Donald Tramp The New York Times va bir necha jurnalistlarga qarshi tuhmat bo‘yicha $15 mlrdlik da’vo kiritdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.

Da’vo Florida shtatidagi federal sudga 16-sentabr kuni topshirilgan. Tramp bu haqda 15-sentabrda Truth Social’da e’lon qildi. U gazeta uni va oilasini yolg‘on ma’lumotlar bilan obro‘sizlantirganini aytgan.

Arizada gazetaning bir qancha maqolalari va kitobi tilga olingan. Ularda Trampning shaxsiy obro‘si va biznesiga zarar yetkazilgani iddao qilinadi. Da’vo Penguin Random House nashriyotini ham qamrab oladi. Tramp TMTG aksiyalari qadrsizlangani ham ayni materiallar oqibati deb ta’kidladi. The New York Times hozircha sharh bermagan.

Foto: Truth social platformasidan ekran tasviri

Tramp nashrni Demokratlar manfaatiga xizmat qilayotgan virtual xizmatchi deb atadi. U 2024-yil saylovlari arafasida chop etilgan tanqidiy materiallar siyosiy tarafkashlik ko‘rsatganini bildirdi.

Bu ariza Trampning OAVga qarshi yirik da’volar seriyasidagi navbatdagi qadamidir. Iyul oyida u The Wall Street Journal va uning egalariga nisbatan milliardlab dollarlik da’vo bilan chiqqan edi.

Huquqshunoslar AQShda nufuzli siyosiy shaxslar uchun tuhmat ishlarini yutish qiyinligini eslatadi. Sudlar odatda «qasd bilan yolg‘on» bo‘lganini aniq dalillar bilan ko‘rsatishni talab qiladi. Bu ish ham uzoq huquqiy jarayonlarni talab qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Lukashenko Tramp talabi bilan 52 mahbusni ozod qilgani haqida yozgan edi.