
Kursiv Uzbekistan 16-sentabrda yuz bergan voqea-hodisalarni bitta materialga jamladi.
Ustyurt platosida yirik gaz koni aniqlandi — prezident
Ustyurt platosi hududida 6,5 kilometr chuqurlikda yirik gaz koni topilgani haqida Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilar bilan uchrashuvda ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Avval respublikada neft-gaz ishlari 2,5-3 kilometr chuqurlikda olib borilgan edi. Davlat rahbari ta’kidlashicha, O‘zbekiston sanoati tarixida ilk bor 6 kilometrdan ortiq chuqurlikda quduq burg‘ilandi.
Moliyaviy hisob tizimi xalqaro standartlarga o‘tkaziladi

Prezident qarori bilan O‘zbekistonda moliyaviy hisob (buxgalteriya) tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, buxgalteriya hisobi tizimini xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (MHXS) o‘tkazish, biznes hisobotlarini raqamlashtirish, «yashil buxgalteriya» amaliyotlarini joriy etish hamda auditor va buxgalter kasbining nufuzini oshirish ko‘zda tutilgan.
Abduqodir Husanov APLda tur ramziy jamoasidan joy oldi

«Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov WhoScored portali talqiniga ko‘ra, Angliya Premyer-ligasining hafta ramziy terma jamoasidan o‘rin oldi.
21 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yindagi ishonchli harakatlari uchun nashr tomonidan 7,9 ball bilan baholandi.
O‘zbekiston konsulxonasi Vladivostokda vatandoshlar kaltaklanganiga munosabat bildirdi
O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulligi ushbu shaharda o‘zbekistonliklar kaltaklangani bo‘yicha Rossiya Tashqi ishlar vazirligining hududiy vakolatxonasiga norozilik notasi yo‘lladi. Bu haqda diplomatik vakolatxona rahbari Yusup Kabuljanov ma’lum qildi.
Avvalroq internet tarmog‘ida noma’lum shaxslar tomonidan o‘zbekistonliklar kaltaklanayotgani tasvirlagan videolar tarqaldi. Lavhalardan birida hujumchilar milliy kelib chiqishi bois o‘zbekistonliklarga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgani qayd etilgan.
Boks. O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentda tantanali kutib olindi

16-sentabr kuni tongda Angliyaning Liverpul shahrida tashkil etilgan boks bo‘yicha jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentda tantali kutib olindi. Marosimda Sport vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, shuningdek, sportchilarning yaqinlari ham ishtirok etdi.
Namanganda 140 mln dollarlik yangi aeroport terminali keyingi yil ishga tushiriladi

Namangan aeroportida $140 mlnlik investitsiya hisobiga yangi yo‘lovchi terminali barpo etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev 16-sentabr kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurib, hudud rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Mavjud aeroport turistlar oqimini qabul qilishda kichiklik qilayotgani bois, 3 qavatli yangi terminal qurilmoqda. U ishga tushgach yo‘lovchi tashish quvvati 2,5 baravar oshadi. Zamonaviy chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi hamda Duty free do‘konlari yo‘lovchilar xizmatiga taqdim etiladi.
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yuvchi tizim joriy etiladi
O‘zbekistonda islomiy bank tizimini joriy etishga oid qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palataning matbuot xizmati ma’lum qilindi.
Ushbu hujjat bilan Soliq va Fuqarolik kodekslariga, shuningdek, yana sakkizta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan. Unda «islomiy bank», «moliyaviy operatsiyalar va standartlar», «investitsion depozit» kabi tushunchalar qonunchilikka kiritilishi belgilangan.
Humo’ga yangi rahbar tayinlandi

Milliy banklararo protsessing markaziga (Humo) Baxadirov Ulug‘bek Xojito‘rayevich rahbar etib tayinlandi.
Baxadirov bunga qadar «Poytaxt bank»ning Kuzatuv kengashi a’zosi sifatida faoliyat olib borgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — Xalqaro valyuta-kredit munosabatlari, iqtisodchi.
Tramp The New York Times gazetasini sudga berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp The New York Times va bir necha jurnalistlarga qarshi tuhmat bo‘yicha $15 mlrdlik da’vo kiritdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Da’vo Florida shtatidagi federal sudga 16-sentabr kuni topshirilgan. Tramp bu haqda 15-sentabrda Truth Social’da e’lon qildi. U gazeta uni va oilasini yolg‘on ma’lumotlar bilan obro‘sizlantirganini aytgan.
17-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

17-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kuni uchun AQSh valyutasi 12 285,16 so‘m (-59,45 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 13,71 so‘mga oshib, 14 514,92 so‘mni, rubl esa 1,08 so‘mga oshib, 148,62 so‘mni tashkil qildi.
Avvalroq 15-sentabr yangiliklarini yozgan edik.