Sport

Yevropada yozgi transferlar oynasi yopildi: TOP – 10 ta eng qimmat kelishuv

Shuningdek, o‘zbekistonlik futbolchilar transferlari haqida so‘z boradi
Foto: FC «Liverpul»

Yevropada yozgi transferlar oynasi yakunlandi. Bu safar ham koʻhna qit’ada milliardlab yevrolik kelishuvlar amalga oshirildi. Ayniqsa, APL klublari doimgidek faol boʻlib, katta transferlarni amalga oshirdi. Kursiv Uzbekistan Transfermarkt portali maʼlumotlariga tayanib, Yevropada amalga oshirilgan TOP – 10 transfer haqida material tayyorladi.

Maqolada quyidagi futbolchilar haqida so‘z boradi:

10-oʻrin. Martin Subimendi

«Real Sosiedad»dan «Arsenal»ga — 70 mln yevro

  • Yoshi: 26
  • Mamlakati: Ispaniya
Foto: Getty images

Subimendi butun professional faoliyatini ispan klubida oʻtkazib kelayotgan edi. Nihoyat 26 yoshida katta transfer amalga oshirildi. «Arsenal» murabbiyi Mikel Artetaning shaxsan oʻzi uni markaziy tayanch zonasiga koʻrishni istadi. «Real Sosiedad» futbolchini ushlab qolmoqchi boʻldi, hattoki «Real Madrid» ham 60 mln yevrolik taklif bilan chiqdi. Ammo londonliklar Subimendi uchun 70 mln yevro toʻlab, 2030-yilgacha shartnoma imzolashga erishdi.

9-oʻrin. Luis Dias

«Liverpul»dan «Bavariya»ga — 70 mln yevro

  • Yoshi: 28
  • Mamlakati: Kolumbiya
Foto: Getty images

Kolumbiyalik vinger Angliya Premyer-ligasidan Bundesligaga yoʻl oldi. «Bavariya» Dias transferi uchun 70 mln yevroning bahridan oʻtdi. Klub uning oʻziga yiliga 14 mln yevrolik maosh hamda qoʻshimcha bonuslar taklif qildi. Futbolchi «Bavariya»dagi ilk rasmiy oʻyinlaridanoq gol va assistlari qayd etib, qaysidir ma’noda unga sarflangan pullarni oqlamoqda.

8-oʻrin. Mateus Kunya

«Vulverhempton»dan «Manchester Yunayted»ga — 74,2 mln yevro

  • Yoshi: 26
  • Mamlakati: Braziliya
Foto: Getty images

Yaqin oʻtmishda Angliyaning eng sovrindor klublaridan biri boʻlgan «Manchester Yunayted» soʻnggi yillarda kutilgan natijalarga erisha olmadi. Bosh murabbiy Ruben Amorim esa jamoaning eski shon-shuhratini qaytarish maqsadida yozgi transferlar oynasida tarkibni bir qator futbolchilar bilan mustahkamladi.

Shulardan eng muhimlaridan biri oʻtgan mavsumda «Vulverhempton» tarkibida 15 gol va 6 assist qayd etgan futbolchi Kunya. Klub futbolchi bilan 5 yillik shartnoma imzolandi. U jamoa hujum chizigʻining asosiy figuralaridan biri boʻlishi kutilmoqda.

7-oʻrin. Bryan Mbemo

«Brentford»dan «Manchester Yunayted»ga — 75 mln yevro

  • Yoshi: 26
  • Mamlakati: Kamerun
Foto: Getty images

«Yunayted»ga yozda kelganlardan yana biri — Mbemo oʻtgan mavsum APLda 20 gol urib, 7 assist bergan edi. Klub uni uzoq muzokaralardan soʻng 75 mln yevroga olib keldi. Kamerunlik vinger hali top-klub darajasida oʻynamagan, shuning uchun bu transfer katta sinov boʻladi deb aytish mumkin.

6-oʻrin. Viktor Osimhen

«Napoli»dan «Galatasaroy»ga — 75 mln yevro

  • Yoshi: 26
  • Mamlakati: Nigeriya
Foto: Getty images

Osimhen Turkiya futboli tarixidagi eng qimmat transfer boʻldi. «Napoli» bilan ikki bor A Seriya chempioni boʻlgan hujumchi butunlay Turkiya Superligasiga ko‘chib o‘tdi. Unga Saudiya Arabistoni klublari ham juda katta maosh taklif qilgan edi. Lekin yakunda «Galatasaroy» 75 mln yevro evaziga sotib oldi hamda uning oʻziga yiliga kamida 15 mln yevro toʻlaydi. Shuningdek, imij huquqlari boʻyicha 5 mln yevro ham qoʻshimcha beradi.

5-oʻrin. Benjamin Sheshko

«Leyptsig»dan «Manchester Yunayted»ga — 76,5 mln yevro

  • Yoshi: 22
  • Mamlakati: Sloveniya
Foto: Getty images

22 yoshli hujumchi APLdagi eng qimmat yosh xaridlardan biri boʻldi. Sheshko «Leyptsig»da oʻtgan mavsum 18 gol urdi. «Manchester Yunayted» uni hujum chizigʻida asosiy kuchga aylantirmoqchi. Uning transferi uchun kurashda «Nyukasl» ham boʻlgan. Ular futbolchiga katta maosh va’da qilgan, biroq Sheshko «Manchester Yunayted»ni tanladi. Hatto uning agenti ham bitim amalga oshishi uchun komissiyaning bir qismini rad etdi.

4-oʻrin. Niko Voltemade

«Shtutgart»dan «Nyukasl»ga — 85 mln yevro

  • Yoshi: 23
  • Mamlakati: Germaniya
Foto: Getty images

Voltemade oʻtgan mavsum Bundesligada 17 gol urib, «Shtutgart»ga Germaniya Kubogini yutishda yordam berdi. «Nyukasl» uni Aleksander Isak oʻrniga olib keldi. 2 metrdan sal pastroq boʻyli hujumchi nafaqat kuchli jismoniy duel, balki tezligi bilan ham ajralib turadi.

3-oʻrin. Ugo Ekitike

«Ayntraxt»dan «Liverpul»ga — 95 mln yevro

  • Yoshi: 23
  • Mamlakati: Fransiya
Foto: Getty images

Fransiyalik hujumchi «Liverpul» safidagi dastlabki oʻyinlarda gol urdi. Oʻtgan mavsumda «Ayntraxt»da 15 gol, 8 assist qayd etgan edi. Endi u Arne Slot tizimida asosiy hujumchilardan biri boʻladi. Kontrakti 2031-yilgacha moʻljallangan, yiliga 15 mln yevro maosh oladi.

2-oʻrin. Florian Virts

«Bayer»dan «Liverpul»ga — 125 mln yevro

  • Yoshi: 22
  • Mamlakati: Germaniya
Foto: Getty images

Virts «Bayer»ning soʻnggi mavsumdagi chempionligida asosiy figuralardan biri boʻldi. «Liverpul» uni 125 mln yevroga sotib olib, yana bonuslar ham kiritdi. Natijada transfer summasi 135 mln yevroga yetishi mumkin. Virts yiliga 22 mln yevro maosh oladi.

1-oʻrin. Aleksander Isak

«Nyukasl»dan «Liverpul»ga — 144 mln yevro

  • Yoshi: 25
  • Mamlakati: Shvetsiya
Foto: Getty images

Shvetsiyalik hujumchi yozgi transfer oynasining eng qimmat xaridi boʻldi. «Nyukasl» uni saqlash uchun koʻp harakat qildi, biroq Isak ketishga qaror qildi. Oʻtgan mavsum APLda 23 gol, 6 assist qayd etdi. Endi u «Liverpul»da 9-raqam ostida oʻynaydi.

Oʻzbekistonlik futbolchilar transferlari

Yozgi transferlar oyinasida Oʻzbekistonning bir qator yetakchi futbolchilari ham boshqa klublarga koʻchib oʻtdi.

Eldor Shomurodov — ijara 3 mln yevro

Foto: Getty images

Shomurodov uzoq yillik Italiyadagi faoliyatidan keyin Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubiga oʻtdi. «Roma»ga tegishli 30 yoshli hujumchi turk klubiga hozircha ijaraga asosida oʻtdi. Ijara qiymati — 3 mln yevro. Istanbul jamoasi oʻzbekistonlik futbolchini 2,7 mln yevro evaziga sotib olish huquqiga ega boʻladi.

Abbosbek Fayzullayev — 7,5 mln yevro

Foto: Getty images

Shomurodovdan keyin «Istanbul Bashakshehir» yana bir oʻzbekistonlik futbol Abbosbek Fayzullayevni Rossiyaning «SSKA» klubidan transfer qildi. «Bashakshehir» oʻzbekistonlik yarim himoyachini Moskvaning «SSKA» klubidan 7,5 mln yevroga sotib oldi. 21 yoshli Fayzullayev Istanbulliklar bilan 5 yillik shartnoma imzoladi.

Odil Hamrobekov — 500 ming yevro

Foto: FC «Traktor»

Yozgi transfer oynasida «Bunyodkor» jamoasining yetakchisi Odil Hamrobekov Eronning «Traktor» jamoasiga borib qoʻshildi. Futbolchi tabrizliklar bilan 2027-yilning 30-iyun sanasiga qadar amal qiladigan shartnomani imzoladi. Transfermarkt ma’lumotiga koʻra, klub «Bunyodkor»ga futbolchi uchun 500 ming yevro (7,3 milliard soʻm) toʻlagan.

Rustam Ashurmatov — 450 ming yevro

Foto: FC «Istiqlol»

Soʻnggi yillarda Eron chempionatida toʻp surayotgan oʻzbekistonlik futbolchilar soni ortiq bormoqda. Terma jamoa himoyachisi Rustam Ashurmatov «Istiqlol» klubiga oʻtdi. Eronliklar Ashurmatov transferi uchun «Rubin»ga 450 ming yevro toʻlagan. Futbolchi esa klub safida oyiga taxminan $50 ming atrofida maosh olishi aytilmoqda.

Akmal Mozgovoy — summasi oshkor qilinmagan

Foto: Getty images

Yozda Oʻzbekiston Superligasining 2024-yilgi mavsumidagi eng yaxshi futbolchisi Akmal Mozgovoy BAAning «Baniyas» jamoasi bilan shartnoma imzoladi. «Nasaf» futbol maktabi tarbiyalanuvchisi boʻlgan Akmal jamoa bilan birga 3 marotaba Oʻzbekiston Kubogi, 3 marotaba Superkubokni, bir martadan Superliganing oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonning eng qimmat futbolchilari haqida maqola tayyorlagan edi.