
18-sentabr kungi valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 254,27 so‘m (-30,89 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Dollar kursining so‘nggi besh kunlikdagi o‘zgarishi
Valyuta birjasida dollar so‘nggi besh kunlikda turlicha dinamiklarni ko‘rsatdi. 10-sentabr kuni AQSh valyutasi 12 360,86 so‘m etib belgilandi va bu avvalgi ko‘rsatkichdan 5,72 so‘m yuqori bo‘ldi. 11-sentabrda kurs keskin oshib, 12 447,35 so‘mni tashkil etdi (+86,49 so‘m). Biroq 12-sentabrda dollar biroz arzonlab, 12 426,83 so‘mga tushdi (−20,52 so‘m).
15-sentabrda pasayish davom etdi va kurs 12 344,61 so‘mni ko‘rsatdi (−82,22 so‘m). 16-sentabrda esa dollar yana pastlab, 12 285,16 so‘mga tenglashdi (−59,45 so‘m). Shu tariqa qisqa muddat ichida kursda keskin o‘zgarishlar kuzatildi.
Jadval:
Sana | Kurs (so‘m) | O‘zgarish (so‘m) |
---|---|---|
10-sentabr | 12 360,86 | +5,72 |
11-sentabr | 12 447,35 | +86,49 |
12-sentabr | 12 426,83 | −20,52 |
15-sentabr | 12 344,61 | −82,22 |
16-sentabr | 12 285,16 | −59,45 |
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 1,49 so‘mga oshib, 14 516,41 so‘mni, rubl esa 0,73 so‘mga tushib, 147,89 so‘mni tashkil qildi.
Markaziy bank almashuv kursi moslashuvchanligini oshirdi. Bu haqda 11-sentabr kuni regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Almashinuv kursi bo‘yicha oxirgi davrlarda biz ham siyosatni sal o‘zgartirdik. Sal tebranuvchanligi oshib boryapti. Bu ham endi keyingi qadam. Ko‘p yillar davomida tebranish darajasi past bo‘lgani uchun bozor ishtirokchilarida, birinchi navbatda banklar va biznesda, kurs faqat nechadir foizga o‘sadi yoki faqat oshadi. Bugun tushgan bo‘lsayam yana oshadi, degan kutilmalarning shakllanishi ham bunga ta’sir qiladi», dedi Markaziy bank raisi.
Joriy yilning iyun oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Markaziy bankka valyuta kursini yanada moslashuvchan qilish va kengroq tebranishlarga yo‘l qo‘yishni tavsiya qilgandi. XVJ fikricha, bu tashqi zarbalardan himoya qilish, kompaniyalarni valyuta xatarlarini sug‘urtalashga undash, pul-kredit siyosati samaradorligini kuchaytirish va kursning doimiy pasayishidan iborat kutilmalarni oldini olishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan AQSh valyutasining hafta davomida qanday o‘zgargani haqida yozgan edi.