2030-yilga borib mamlakatimizda kambag‘allikka to‘liq barham berish uchun barcha imkoniyat bor — prezident

eʼlon qilindi
2025-yilda 270 mingdan ortiq kambag‘al oilalar a’zosi doimiy ish bilan ta’minlandi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Namangandagi xalqaro forumda nutq so‘zlar ekan, «mahallabay» ishlash tizimi o‘zini to‘liq oqlaganini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Har bir xonadon va oilaga individual yondashuv asosida daromad manbalari yaratilib, mahallalarni obod qilish, tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga yiliga $2,5-$3 mlrd yo‘naltirilmoqda.

Qishloq aholisini daromadli qilish maqsadida 235 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, aholiga 30 – 50 sotixdan yer ajratish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Bu 800 ming odamning daromadini oshirishga sabab bo‘ldi.

«Bir so‘z bilan aytganda, har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib bordi. Shunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimiz hisobiga O‘zbekiston 2030-yilgacha kambag‘allikni ikki karra qisqartirish majburiyatini barvaqt bajarishga intilmoqda. 2030-yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, mamlakatimizda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berish uchun barcha imkoniyat bor», – dedi davlat rahbari.

So‘nggi sakkiz yilda 700 ming tadbirkor o‘z biznesiga ega bo‘ldi. Bu jarayonda davlat biznes uchun sharoit yaratib bergan bo‘lsa, tadbirkorlar ijtimoiy mas’uliyatni zimmasiga olib, ehtiyojmand oilalarga yordam bermoqda.

Natijada faqat 2025-yilning o‘zida 270 mingdan ortiq kambag‘al oilalar a’zosi doimiy ish bilan ta’minlandi.

Xalqaro hamkorlik doirasida Iqtisodiy taraqqiyot banklari, xususan, Islom taraqqiyot banki bilan qishloqlarda yashash sharoitini yaxshilash, yo‘l qurilishi, tibbiyot va ta’lim xizmatlarini kengaytirishga $5 mlrdlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda «Kambag‘allikdan farovonlik sari» xalqaro forumi boshlangani haqida yozgandi.

Shuningdek