
Mashhur YouTube-bloger Daniel of Tech yangi iPhone 17 va iPhone 17 Pro modellarini o‘tgan yilgi iPhone 16 seriyasi bilan taqqosladi. 11 daqiqalik videoda u asosiy farqlarni – displey, kamera, batareya va tezkor quvvatlash imkoniyatlarini ko‘rsatib berdi hamda qaysi foydalanuvchilarga yangilanish maqsadga muvofiq ekanini tushuntirdi.
iPhone 17’dagi asosiy yangiliklar
Displey: bazaviy versiya ilk bor 120 Hz ProMotion va Always-On Display texnologiyasiga ega bo‘ldi. Ramkalar yanada yupqalashdi, ekran diagonali esa 6,3 dyuymga chiqdi.
Batareya: video tomosha qilish vaqti 22 soatdan 30 soatga oshdi (+30%).
Kamera: ultra-keng burchakli modul 48 MP ga yangilandi, old kamera 18 MP bo‘lib, Center Stage funksiyasiga ega.
Tezkor quvvatlash: endi 35 Vt quvvatda – 0 dan 50 foizgacha atigi 20 daqiqada.
Xotira: boshlang‘ich hajm 128 GB o‘rniga 256 GB, narxi oshmagan.
iPhone 17 Pro’dagi yangiliklar
Displey yorqinligi 3000 nit (iPhone 16 Pro’da 2000 nit edi). 48 MP teleobyektiv, 4× optik zoom. A19 Pro chipi – GPU quvvati 40 foiz oshirilgan, o‘yinlar uchun kuchliroq. Yengil alyuminiy korpus, yaxshilangan sovitish tizimi. Yangi ranglar, jumladan, Cosmic Orange.
Yangilash kerakmi
Bloger fikricha, oddiy iPhone 16’dan iPhone 17’ga yangilanish to‘liq o‘zini oqlaydi. Ayniqsa, displey, avtonomiya va kamera bo‘yicha sezilarli farq mavjud — bu so‘nggi 5 yildagi eng katta yangilanish bo‘ldi.
Ammo iPhone 16 Pro’dan 17 Pro’ga o‘tish biroz o‘ylantiradi – yangi imkoniyatlar kamroq, asosan, batareya va kamerada seziladi.
«Oddiy iPhone 16 egalariga maslahatim, telefoningizni yangi modelga bemalol yangilang. Ammo 16 Pro foydalanuvchilari uchun keyingi avlodni kutish maqsadga muvofiq, agar ProRes video olish yoki 2 TB xotira kerak bo‘lmasa», dedi bloger.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 17 Pro Max va Samsung Galaxy S25 Ultra’ni taqqoslagandi.