Avto

Chery birjalar orqali 1,2 mlrd dollargacha daromad olishni rejalashtirmoqda

Kompaniya 297,4 mln dona aksiyani sotuvga chiqarmoqchi
Chery Automobile
Chery IPOda 1,2 milliard dollargacha daromad olishni rejalashtirmoqda / Foto: Chery Automobile

Chery Automobile Honkong fond birjasidagi IPO orqali $1,2 mlrd gacha sarmoya jalb etishni maqsad qilmoqda. Bu haqda Forbes xabar bermoqda.

Kompaniya 297,4 mln dona aksiyani $3,6-3,9 diapazonda taklif qiladi. Yakuniy narx 23-sentabrda aniqlanadi, savdolar 25-sentabrda boshlanishi kutilmoqda. Agar bitim rejalashtirilgan hajmda amalga oshsa, bu yil Gonkongda avtomobil ishlab chiqaruvchilar orasida eng yirigi bo‘ladi.

Prospektga ko‘ra, Chery Xitoyda yengil avtomobillar savdosida ikkinchi o‘rinda, jahon bozorida esa eng yirik 11 ishlab chiqaruvchi qatoriga kiradi. Kompaniya 2003-yildan beri Xitoy avtomobillarining eng yirik eksportchisi sifatida ham yetakchilikni saqlab kelmoqda.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, joylashtirish jarayonida Uoll-strit banklari ishtirok etmaydi, bunga Chery faoliyat yuritadigan ayrim bozorlar sanksiya ostida ekani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery Auto aksiyalarini Gonkong fond birjasida sotuvga chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.