
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan katta miqdordagi giyohvandlik moddalari musodara etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan reyd davomida 1983-yilda tug‘ilgan tadbirkor va uning 1989-yilda tug‘ilgan sherigi 9,8 kg «gashish»ni qabul qilib olayotganda qo‘lga olindi. Ularning yonidan $14,5 ming va 6,25 mln so‘m hamda sheriklaridan birining uyidan 110 gramm «opiy», tarozilar va naqd pul topildi. Ushbu moddalar Farg‘ona vodiysida sotilishi rejalashtirilgani aniqlangan.
Yana bir operatsiya davomida esa Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida istiqomat qiluvchi, avval ham giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs va Xorazm viloyati fuqarosi qo‘lga olindi. Ular Afg‘onistondan yashirincha olib kelingan 6,1 kg «opiy» va 9,8 kg ko‘knori somonini yashirin joydan olayotganida ushlangan.
Ushlanganlarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida noqonuniy narkotik savdosiga chek qo‘yilgan edi.