Avto

Geely Galaxy Star 6 avtomobili 26-sentabrdan buyurtmalarni qabul qiladi

Geely Galaxy Star 6 avtomobili
Geely Galaxy Star 6 avtomobili 26-sentabrdan oldindan savdoga chiqadi / Foto: Geely

Geely Auto tomonidan Geely Galaxy Star 6 avtomobili uchun oldindan buyurtmalarni 26-sentabr kuni boshlashi e’lon qilindi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda.

Sedan Thor AI Hybrid 2.0 tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, 1,5 litrli dvigatel asosida ishlaydi. Ishlab chiqaruvchi mashinaning o‘rtacha yonilg‘i sarfi 100 km uchun atigi 2 litr ekanini ta’kidlagan.

Foto: Geely

Galaxy Star 6 saloni 10,2 dyuymli raqamli asboblar paneli va 14,6 dyuymli Flyme Auto multimedia tizimi bilan ajralib turadi. Rul kolonkasiga o‘rnatilgan uzatmalar kaliti, ko‘p funksiyali rul, 50 Vt quvvatli simsiz zaryadlash funksiyasi mavjud. Mashina, shuningdek, Qianli Haohan H3 haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, u avtomatik to‘xtashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Geely

Avtomobilning uzunligi 4806 mm, eni 1886 mm, balandligi 1490 mm, g‘ildirak bazasi esa 2756 mmni tashkil etadi. Kompaniya ta’kidlashicha, Thor AI Hybrid 2.0 tizimi yordamida Galaxy Star 6 o‘z sinfida eng tejamkor 2L mashina bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely Galaxy V900 miniveni taqdim etilgani haqida yozgan edi.