Sport

Hamzat Chimayevga $340 000 turadigan Ferrari 296 GTB sportkari sovg‘a qilindi

Hamzat Chimayev / Foto: Getty Images

O‘rta vazn toifasida amaldagi UFC chempioni, 31 yoshli Hamzat Chimayev Gruziyaga tashrif buyurdi. U yerda u do‘stlarini, jumladan, mahalliy jangchi Guram Kutateladzeni ko‘rib qaytdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Chimayev do‘stlari tomonidan qimmatbaho sovg‘a – Ferrari 296 GTB sportkari bilan taqdirlanayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Qayd etilishicha, ushbu avtomobilning qiymati $340 000 ni tashkil etadi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/09/chima.mp4

Ma’lumot uchun, Chimayev 2020-yilda UFCda debyut qilgan. Oradan besh yil o‘tib, 2025-yilning avgust oyida u JAR vakili Drikus Dyu Plessi ustidan g‘alaba qozonib, o‘rta vazn toifasi chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan.

Hozirga qadar Hamzat UFCda 9 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan. Umumiy professional rekordida esa 15 ta g‘alaba bor. Ularning 12 tasi muddatidan avval yakunlangan.

Ta’kidlash joiz, Chimayev UFC tarixida mag‘lubiyatsiz chempionlikka erishgan 16-jangchi sifatida ham qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ikki vazn toifasida sobiq UFC chempioni, irlandiyalik aralash yakkakurash ustasi Konor Makgregor prezidentlik poygasidan chiqqani haqida xabar berilgandi.