Gadjetlar

iQOO Neo 11 seriyasini taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

iQOO Neo 11 Pro modeli Geekbench bazasida paydo bo‘ldi
Foto: Mint

iQOO tomonidan Xitoy bozorida yangi iQOO Neo 11 seriyasi tez orada taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.

Rasmiy taqdimotdan oldin iQOO Neo 11 Pro modeli Geekbench bazasida paydo bo‘lib, uning asosiy xususiyatlari ochiqlandi. Qurilma MediaTek’ning yangi Dimensity 9500 chipseti bilan ishlaydi va bu Vivo ekotizimida ushbu protsessorda ishlovchi uchinchi smartfon bo‘ladi. Dimensity 9500 1+3+4 arxitekturaga ega bo‘lib, asosiy yadro 4,21 Hz, yordamchi yadrolar 3,50 Hz va samarali yadrolar 2,70 Hz chastotada ishlaydi.

Foto: Geekbench saytidan ekran tasviri

Grafik imkoniyatlar Mali-G1 Ultra MC12 GPU orqali taqdim etiladi va avvalgi Dimensity 9400 ga nisbatan 40 foiz yuqori samaradorlikni taklif qiladi. Geekbench 6.5 testida smartfon 3320 ball (bir yadro) va 9898 ball (ko‘p yadro) natija ko‘rsatdi. Qurilma Android 16 tizimida ishlaydi va 16 GB tezkor xotira bilan jihozlangan. Avvalroq Neo 11 Pro 3C sertifikatsiya platformasida 100 vattli tezkor zaryadlash texnologiyasi bilan qayd etilgan edi.

Yangi seriya haqida xabarlar shuni ko‘rsatadiki, Neo 11 modeli Snapdragon 8 Elite chipseti, Neo 11 Pro esa Dimensity 9500 bilan taqdim etiladi. Ular 6,8 dyuymli 2K OLED displey, ultrasonik ekrandagi barmoq izi skaneri, metall ramka va 7000 mA/soat quvvatli batareya bilan jihozlanadi. iQOO 15 seriyasi oktyabr oyida Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan taqdim etilishi kutilmoqda. Shundan keyin, noyabr yoki dekabr oylarida iQOO Neo 11 seriyasi Xitoy bozorida taqdim qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan iQOO Z10 Lite smartfoni sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.