
Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirishda hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va yashash uchun qulay sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shu maqsadda qariyb 3,5 mln aholi yashaydigan 1 mingta mahallada infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Natijada 2025-yilning o‘zida 470 ming xonadon tomorqasiga suv borib, 790 ming xonadonda elektr ta’minoti yaxshilandi.
Kelgusi yilda mahallalarda infratuzilmani yangilash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun $400 mln yo‘naltiriladi. Buning uchun 32 ta tuman va 328 ta og‘ir mahalla bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.
Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yo‘l, maktab va bog‘cha qurish uchun $1,3 mlrdlik loyihalar amalga oshiriladi. Uylarga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish imkoniyatini berish uchun har yili $200 mln subsidiya ajratiladi.
Prezident xalqaro moliya institutlarini rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda kambag‘allikni qisqartirish talabini kiritishga chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident 2030-yilga borib mamlakatimizda kambag‘allikka to‘liq barham berish uchun barcha imkoniyat borligi haqida ta’kidlaganini yozgandi.