Yangiliklar

O‘zbekiston va Germaniya iqlim, energetika va investitsiya sohalarida hamkorlik qiladi

Savdo, antikorrupsiya hamda qonun ustuvorligini ta’minlash sohalarida ham
Germaniya
O‘zbekiston va Germaniya iqlim, energetika va investitsiya sohalarida hamkorlik qiladi / Foto: Facebook

Berlin shahrida O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi parlament davlat kotibi Yoxan Zaatxoff bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Tomonlar Germaniya grantlari orqali amalga oshirilayotgan loyihalarni ijobiy baholab, hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib oldi. Shuningdek, O‘zbekiston Germaniya tomonidan Osiyoda rasmiy hamkor sifatida e’tirof etilgan Markaziy Osiyodagi yagona davlat ekanligi ta’kidlandi.

Muloqotda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, korrupsiyaga qarshi choralar, qonun ustuvorligi va iqtisodiy barqarorlik sohalarida yangi loyihalar ishlab chiqishga qiziqish bildirildi.

Shuningdek, savdo, investitsiya va texnologiyalar yo‘nalishida sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat ko‘rsatishda hamkorlik qilishi haqida yozgan edik.