Yangiliklar

O‘zbekiston va XAEA atom energetikasi bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishadi

Tadbir doirasida XAEA bosh direktorining o‘rinbosari Liu Hua va O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari uchrashdi
Foto: depositphotos.com

O‘zbekiston Energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov va Xalqaro atom energetikasi agentligi (XAEA) bosh direktori Rafael Grossi o‘rtasida atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yo‘l xaritasi imzolandi.

Kelishuv 2025-yil 15 – 19-sentabr kunlari Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tayotgan MAGATEning 69-Bosh konferensiyasi doirasida imzolandi.

Konferensiya 180 mamlakat vakillarini birlashtiruvchi yirik xalqaro maydon bo‘lib, unda atom energetikasi, fan, texnologiya va xavfsizlik sohalaridagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olinadi.

Tadbir doirasida XAEA bosh direktorining o‘rinbosari Liu Hua va O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari uchrashdi. Delegatsiya tarkibida «Uzatom» agentligi, Energetika vazirligi hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi rahbarlari ishtirok etdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda atom texnologiyalarini energetika, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. XAEA vakillari mamlakatning yadro dasturi rivojidagi sezilarli yutuqlarni qayd etib, hukumatning faol rolini e’tirof etdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning birinchi atom elektr stansiyasi loyihasi alohida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Bu loyiha mamlakatning barqaror energiya kelajagini ta’minlashda asosiy bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AES qurilishida birinchi beton 2026-yil mart oyida quyilishi haqida xabar bergan edi.