
Rosselxoznadzor xabariga ko‘ra, O‘zbekistondan Rossiyaga yuborilgan 20 tonna yangi qovoq Sankt-Peterburgda karantin va fitosanitariya nazoratidan o‘tkazildi.
Mahsulot avval vaqtinchalik saqlash omborida tekshirildi, so‘ngra «VNIIZJ» ilmiy markazining laboratoriyasida qo‘shimcha tahlil qilindi. Natijalarga ko‘ra, qovoq barcha fitosanitariya talablariga javob berishi tasdiqlandi.
Mazkur yetkazib berish 2015-yildan buyon birinchi marta amalga oshirilgani ta’kidlandi. Tekshiruvlardan so‘ng mahsulot erkin muomalaga chiqarilib, Moskvaga jo‘natildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yilning birinchi yarmida O‘zbekiston $29,9 mlnlik tarvuz eksport qilgani haqida xabar bergan edi.
O‘zbekiston 2025-yilning yanvar – iyun oylarida xorijga 130,6 ming tonna tarvuz eksport qildi. Eksport hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 52,7 ming tonnaga ko‘proq bo‘lib, umumiy qiymati $29,9 millionni tashkil etdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi ma’lum qildi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston tarvuzining eng katta xaridorlari — Rossiya (66 ming tonna), Qozog‘iston (44 ming tonna) va Qirg‘iziston (19 ming tonna) bo‘ldi. Shuningdek, Belarus (968 tonna), Mo‘g‘uliston (618 tonna), Latviya (76 tonna), Gruziya (66 tonna) va Polsha (61 tonna) bozorlariga ham yetkazib berildi. Boshqa davlatlarga esa jami 121 tonna mahsulot eksport qilindi.