Prezident yirik moliya institutlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

eʼlon qilindi
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumi doirasida
Foto: Prezident matbuot xizmati

17-sentabr kuni Namangan shahrida o‘tayotgan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» xalqaro forumi doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro islom taraqqiyot banki (ITB), Jahon banki (JB) va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Davlat rahbari uchrashuvlarda xalqaro moliya institutlari bilan strategik sherikchilikni yanada kengaytirish, uzoq muddatli dasturlarni amalga oshirish va qo‘shma loyihalar ko‘lamini oshirish masalalariga alohida urg‘u qaratdi.

So‘nggi yillarda ITB bilan hamkorlik hajmi $5 mlrddan oshib, transport, energetika, sog‘liqni saqlash, uy-joy qurilishi va ta’lim sohalarini qamrab olmoqda. Prezident bank bilan loyihalar portfelini ikki baravar ko‘paytirish va xususiy sektor, infratuzilma hamda ijtimoiy sohada yangi dasturlarni amalga oshirish tashabbusini ilgari surdi.

Jahon banki bilan sherikchilik doirasida esa portfel hajmi $14 mlrddan ortdi. O‘zbekiston bankning mintaqadagi yetakchi hamkorlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish, ayollar va yoshlar bandligini oshirish, ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.

Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda. $14 mlrdlik loyihalar «yashil» energetika, transport, raqamli transformatsiya va ta’lim sohalarini qamrab olgan. Prezident Mirziyoyev bank bilan davlat-xususiy sherikchilik, kapital bozori va ijtimoiy soha bo‘yicha yangi tashabbuslarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning birinchi atom elektr stansiyasi loyihasi, zamonaviy tibbiyot markazlari, yo‘llarni modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya tizimlarini yaxshilash kabi ustuvor yo‘nalishlar hamda banklar bilan qo‘shma investitsiya platformalarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda «Kambag‘allikdan farovonlik sari» xalqaro forumi boshlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek