Sport

Ringda bor kuchim bilan harakat qildim, lekin qoʻllarim menga boʻysunmadi — Ahmadaliyev Inouedan uchralgan magʻlubiyat sababini aytdi

Foto: Getty Images

Ikkinchi eng yengil vazn toifasida mutlaq jahon chempionligi uchun sobiq da’vogar Murodjon Ahmadaliyev Naoya Inouega qarshi jangdan soʻng Oʻzbekistonga qaytib keldi. Uni Toshkent xalqaro aeroportida muxlislar va yaqinlari kutib olishdi.

Ahmadaliyev ortda qolgan jang haqida o‘z fikrlarini bildirib, mag‘lubiyatning asosiy sabablariga ham to‘xtaldi.

«Men muxlislar xohlagan natijani ko‘rsata olmadim. Shuning uchun xafa bo‘lmaysizlar. Hammasi Allohdan. Men kuchliroq bo‘lib qaytaman. Bu safargi jangga puxta tayyorgarlik ko‘rgandim, o‘zimni yaxshi his qilayotgandim. Vazn tashlash jarayoni ham yengil o‘tdi. Lekin jang kuni kichik noqulalik yuz berdi», dedi bokschi.

Ahmadaliyevning so‘zlariga ko‘ra, asosiy muammo jang oldidan to‘liq qizib olish imkoniyati yetarli bo‘lmaganida bo‘lgan.

«Oldingi jang hisobidan bizda qizib olish uchun 36 daqiqa vaqt bor edi. Ammo bu jang muddatidan avval yakunlandi va menga 15 – 20 daqiqa vaqt berildi. Bu esa yetarli emasdi. Sportchi ringga chiqishdan oldin yurak urishi va pulsini ko‘tarib, to‘liq qizib olishi kerak. Afsuski, bu safar bunga ulgura olmadim. Natijada ringda qo‘llarim va oyoqlarim menga bo‘ysunmadi», deb takidladi Ahmadaliyev.

Shuningdek, u raqibi Inouening jangdagi tezkorligini ham e’tirof etdi.

«Inoue mendan tezroq harakat qildi. Agar men toʻliq qizib olganimda, tanam va qoʻllarimni oʻzimga boʻysundirib olganimda ringda boshqacha boks ko‘rsatardim. Unga sakrab yurish uchun boʻsh hudud bermasdim. Umuman, boshqacha boks boʻlardi», dedi u.

O‘zbekistonlik bokschi shunga qaramay, muxlislarga alohida minnatdorlik bildirdi.

«Qo‘llab-quvvatlab turganingiz uchun barchangizga rahmat. Qo‘limdan kelgancha chiroyli jang o‘tkazishga harakat qildim. Endi hammasi Allohdan. Kelasi safar kuchli bo‘lib qaytamiz», dedi Ahmadaliyev.

Eslatib oʻtamiz, Murodjon Ahmadaliyev va Naoya Inoue oʻrtasidagi jang toʻliq 12 raund davom etdi va unda hakamlar bir ovozdan yaponiyalik bokschining gʻalabasini qayd etishdi.