Yangiliklar

SpaceX smartfonlar uchun yangi avlod sun’iy yo‘ldosh aloqasini tayyorlamoqda

Sinov ishlari 2025-yil oxirida boshlanadi
SpaceX smartfonlar uchun yangi avlod sun’iy yo‘ldosh aloqasini tayyorlamoqda / Foto: SpaceX

SpaceX yaqinda EchoStar’dan xarid qilingan S-diapazon spektridan foydalanib, qurilmalar bilan bevosita aloqa xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda SpaceNews nashri ma’lum qildi.

Kompaniya prezidenti Gvinn Shotvellning so‘zlariga ko‘ra, sinov ishlari 2025-yil oxirida boshlanadi. Uning aytishicha, ikki yil ichida yangi avlod sun’iy yo‘ldoshlari uchiriladi va ular orqali smartfonlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa ta’minlanadi. Buning uchun SpaceX texnologik hamkorlar bilan birgalikda mos chiplar (SoC) ishlab chiqmoqda.

Mazkur loyiha doirasida EchoStar’dan $17 mlrdga xarid qilingan spektrdan foydalaniladi. Sun’iy yo‘ldoshlarning maxsus yuklamasi shu chastotalar bilan ishlashi kerak bo‘ladi. Shuningdek, mobil operatorlar bilan yangi shartnomalar tuzish ham rejalashtirilmoqda.

SpaceX ilgari ham mobil operatorlar bilan hamkorlik qilgan, biroq endi o‘z spektriga ega bo‘lgani uchun ularga to‘g‘ridan to‘g‘ri sig‘imni taqdim etishni maqsad qilmoqda. Bu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshsa, smartfonlarda sun’iy yo‘ldosh aloqasi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Starshipning 10-sinov parvozini muvaffaqiyatli amalga oshirgani haqida yozgan edik.