
3–5-sentabr kunlari Samarqand shahri nufuzli shaxmat turniri FIDE Grand Swiss musobaqasiga mezbonlik qildi. Jami mukofot jamg‘armasi $855 mingni tashkil etgan bellashuvda 39 mamlakatdan 116 nafar erkak va 56 nafar ayol shaxmatchi ishtirok etdi.
Erkaklar o‘rtasidagi kurashda niderlandiyalik grossmeyster Anish Giri 8 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Uni 7,5 ochkodan to‘plagan Mattias Blyubaum (Germaniya), Alireza Firuzja (Fransiya) va Vinsent Keymer (Germaniya) turnir oxirigacha ta’qib qilib bordi.
O‘zbekistonlik shaxmatchilardan eng yuqori natijani Nodirbek Abdusattorov qayd etdi – 7 ochko. U peshqadamdan bir ochko ortda qoldi va 10-o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, Nodirbek Yakubboyev (14-o‘rin, 7 ochko) va Javohir Sindarov (24-o‘rin, 6,5 ochko) ham turnirda munosib ishtirok etdi.
O‘zbekistonlik boshqa shaxmatchilarning natijalari:
- Shamsiddin Vohidov – 50-o‘rin, 6 ochko;
- Abdumalik Abdisalimov – 83-o‘rin, 5 ochko;
- Muhiddin Madaminov – 107-o‘rin, 4 ochko;
- Muhammadzohid Suyarov – 108-o‘rin, 4 ochko;
- Jahongir Vohidov – 110-o‘rin, 4 ochko;
- Ortiq Nigmatov – 115-o‘rin, 3 ochko.
Ayollar o‘rtasidagi musobaqada hindistonlik shaxmatchi Vaishali Rameshbabu 8 ochko bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi. U bilan bir xil ochko to‘plagan Kateryna Lagno (FIDE) ikkinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘istonlik Bibisara Assaubayeva esa 7,5 ochko bilan kuchli uchlikdan joy oldi.
O‘zbekiston nomidan bahsga kirgan shaxmatchilarning natijalari:
- Afro‘za Hamdamova – 29-o‘rin, 5,5 ochko;
- Umida Omonova – 35-o‘rin, 5 ochko;
- Gulruhbegim Tohirjonova – 38-o‘rin, 5 ochko;
- Madinabonu Halilova – 50-o‘rin, 4 ochko;
- Guldona Karimova – 51-o‘rin, 4 ochko.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning birinchi raqamli grossmeysteri Nodirbek Abdusattorov yangilangan FIDE reytingiga ko‘ra kuchli o‘nlikni tark etgani haqida xabar berilgandi.